Blinken Ukrainaga 1 mlrd dollarlik yordam ajratilishini e’lon qildi
Olam
−
07 Sentabr 2023
1988AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashington Kiyevga 1 mlrd dollardan ortiq qo‘shimcha yordam berishini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 6 sentyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Bugun biz umumiy qiymati 1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan yangi yordamni e’lon qilamiz, jumladan, harbiy va fuqarolik yordami uchun 665,5 mln dollar ajratamiz”, degan Blinken.
Uning aytishicha, mablag‘larning bir qismi "Ukrainaning uzoq muddatli istiqboldagi harbiy ehtiyojlarini" qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
“Biz birinchi marta Ukrainaga sanksiyaga uchragan rossiyalik oligarxlardan tortib olingan aktivlarni jo‘natamiz, ular ukrainalik faxriylarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Davlat departamenti e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, gap 5,4 mln dollar miqdoridagi mablag‘ haqida ketmoqda.
Shuningdek, 90,5 mln dollar minalardan tozalash uchun insonparvarlik yordami doirasida, 206 mln dollar oziq-ovqat bilan ta’minlashga, 203 mln dollar esa institutlarning shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, konsernlar bilan bog‘liq asosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi kurash, qonun ustuvorligi va huquq sektori, shuningdek, Rossiya tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tergov qilish salohiyatini oshirishga yo‘naltiriladi.
AQSH Davlat departamentining aniqlik kiritishicha, 2022 yil fevral oyi oxiridan buyon Vashington Kiyevga 43,2 mlrd dollarlik harbiy yordam, 2,9 mlrd dollarlik gumanitar yordam ajratgan va Jahon banki mexanizmlari orqali 20,5 mlrd dollarlik byudjet yordami yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Blinken Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashgandi.
LiveBarchasi