Blinken kutilmaganda Kiyevga bordi
Olam
−
14 may
5664AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga bordi. U Ukraina poytaxtiga Polshadan tungi poyezdda bugun, 14 may kuni erta tongda yetib bordi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Miller xabar berdi.
Qayd etish joizki, bu Blinkenning Ukraina poytaxtiga Rossiyaning keng miqyosli bosqinchiligi boshlanganidan beri to‘rtinchi tashrifi. Safar davomida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Metyu Millerning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda frontdagi vaziyat va AQSHning yangi xavfsizlik va iqtisodiy yordamining ta’siri muhokama qilinadi.
“Biz AQSHning xavfsizlik bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlari va Ukraina iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gaplashamiz”, deydi Miller.
Bundan tashqari, Blinken davom etayotgan Rossiya tajovuzi fonida AQSHning Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi va demokratiyasiga sodiqligini ta’kidlamoqchi. Uning ukrainaliklarga murojaati ham rejalashtirilgan.
Blinken bilan poyezdda bo‘lgan AQSH ma’muriyatining yuqori martabali amaldori jurnalistlarga safar “juda og‘ir ahvolda” qolgan ukrainaliklarga kuchli ishonch signalini berishi kerakligini aytdi. U Ukraina sharqidagi janglar va Rossiyaning Xarkovga hujumlariga ishora qildi.
So‘nggi haftalarda Vashington Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qancha yangi majburiyatlarni e’lon qildi. Aprel oyida AQSH Kongressi bir necha oylik muhokamalardan so‘ng Kiyevga 61 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullagan edi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 50,6 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan.
Ayni paytda Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyatida hujumlarini sezilarli darajada kuchaytirdi va bir nechta aholi punktlarini egallab oldi. 13 may kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Xarkov yaqinidagi Rossiya armiyasining taktik muvaffaqiyatini e’lon qildi.
LiveBarchasi