Blinken Xitoyga noxush xabar bilan boryapti – FT

Olam

image

Joriy yilning 24-26 aprel kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyga borishi kutilmoqda. Ushbu tashrif chog‘ida u Pekinni Moskvaga harbiy yordam va ikki tomonlama texnologiyalarni yetkazib berishni to‘xtatmasa, Oq uy tomonidan jazolanishidan ogohlantirmoqchi. Bu haqda "Financial Times" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Xitoyning Rossiyaga uning sanoat bazasini qayta tiklashga yordam beradigan chiplardan tortib, qanotli raketa dvigatellarigacha bo‘lgan texnologiyalarni yetkazib berayotganidan xavotirda. 

O‘tgan hafta Kapri shahrida bo‘lib o‘tgan G7 Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishidan so‘ng, Blinken Xitoy Rossiyaning mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlayotganini qoralagan. 

“Xitoy “qizil chiziq”ni oshkora kesib o‘tmayotgan va Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yoki o‘q-dorilar yetkazib bermayotgan bo‘lsa-da, Blinken Vashington hamda uning ittifoqchilari Pekinni yashirin ravishda urushga "moy sepayotgani"dan ogohlantirmoqchi”, deb yozadi nashr.

AQSH Davlat kotibi qanday “jazo choralari” qo‘llanilishini ochiqlamagan, biroq FT'ning bir nechta manbalariga ko‘ra, Oq uy Xitoy moliya institutlari va boshqa tashkilotlarga qarshi sanksiya qo‘llash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

O‘tgan hafta bir qator G‘arb nashrlari AQSH rasmiylariga tayanib, Xitoy Rossiyaning mudofaa sanoatini dron va raketa texnologiyalari, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar va jihozlar bilan ta’minlayotgani haqida yozgan edi. Jumladan, 2023 yilda Rossiya tomonidan import qilingan chiplarning 90 foizi Xitoydan yuborilgan va ular raketalar, tanklar, samolyotlar ishlab chiqarishda ishlatilgan. Shuningdek, yilning so‘nggi choragida ballistik raketa ishlab chiqarishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan dastgohlarning 70 foizi Xitoydan import qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing