Bizdagi prezidentlik saylovlari butunlay demokratiya emas, bu qimmat byurokratiya – Peskov

Olam

image

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin 2024 yilgi saylovlarda 90 foizdan ortiq ovoz bilan qayta saylanishini iddao qildi. Bu haqda u “The New York Times” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bizning prezidentlik saylovlari aslida demokratik emas, bu qimmat byurokratiya. Janob Putin kelasi yili 90 foizdan ortiq ovoz bilan qayta saylanadi”, deydi Peskov.

Bundan tashqari, Peskov Rossiya hozir egallab turgan hududlardan tashqari, Ukrainaning yangi hududlarini tortib olmoqchi emasligini aytgan.

“Biz konstitutsiyamizga kiritilgan barcha yerlarni o‘zimiznikidek nazorat qilmoqchimiz”, deydi u.

Peskov Ukraina va Rossiya o‘rtasida mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralarini sharhlar ekan, u hozir bunday kelishuvga asos yo‘qligini, Rossiya yaqin kelajakda urush olib borishda davom etishini ma’lum qilgan.

Keyinroq Peskov RBKga bergan intervyusida “The New York Times” uning so‘zlarini “noto‘g‘ri ko‘rsatganini” aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida u jamiyatning Putin atrofida birlashish darajasi shu qadar yuqoriki, prezidentlik saylovlarini nazariy jihatdan hatto o‘tkazib bo‘lmaydi degan shaxsiy fikrni bildirgan.

Ma’lumot uchun, Rossiyada navbatdagi saylov 2024 yil bo‘lib o‘tadi. Qonunga ko‘ra, Rossiyada prezidentlik saylovlarida ovoz berish kuni avvalgi saylovlar o‘tkazilgan oyning ikkinchi yakshanbasi bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, saylovlar 2024 yil 17 martda bo‘lib o‘tishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin saylov Dmitriy Peskov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing