Bizda eng ko‘p yadro quroli bor – Tramp
Olam
−
23 Oktabr 5113 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp yadro qurollari zaxiralari bo‘yicha AQSHning Rossiya va Xitoydan ustunligini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 22 oktyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda so‘z ochdi.
“Bizda eng ko‘p yadro quroli bor. Rossiya ikkinchi o‘rinda. Xitoy esa uchinchi o‘rinda, lekin ancha orqada qolmoqda. Biroq ular 4-5 yil ichida bizni quvib yetishlari mumkin”, deydi AQSH Prezidenti.
Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada bo‘ladigan uchrashuv arafasida Tramp yadro sohasida ham kelishuvga erishishiga umid bildirgan.
Ma’lumot uchun, hozirda dunyoda to‘qqizta davlat yadro quroliga ega. Shulardan beshtasi – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya rasmiy yadro davlatlari bo‘lib, ularning maqomi 1968 yildagi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomada mustahkamlab qo‘yilgan.
Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil yanvar holatiga dunyoda jami 12 241 dona yadro kallagi mavjud bo‘lgan. Yadro qurollarining qariyb 90 foizi hamda barcha hisobdan chiqarilgan kallaklar Rossiya va AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi – mos ravishda 4309 va 3700 ta. Har ikkala davlat ham faol modernizatsiya olib bormoqda, bu esa kelajakda ularning arsenallari hajmi va xilma-xilligini oshirish imkonini berishi mumkin.
Tahlilchilarning hisobiga ko‘ra, Xitoy arsenalida 600 ta yadro kallagi bor. Xitoy zaxiralari boshqa barcha yadro davlatlariga qaraganda tezroq – 2023 yildan beri yiliga taxminan 100 kallakdan ortib bormoqda.
SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yillar boshiga borib Xitoy Rossiya va AQSHdagi kabi miqdorda qit’alararo ballistik raketalar ishlab chiqishi mumkin. Biroq agar Pekin 2035 yilga borib 1,5 ming yadro kallagiga ega bo‘lsa ham, bu baribir Vashington va Moskvadagi zaxiralarning atigi uchdan bir qismiga teng bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron 2015 yilda yirik davlatlar bilan imzolangan, sanksiyalarni bekor qilish va yadroviy dasturga cheklovlar joriy etish evaziga tuzilgan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini rasmiy ravishda bekor qilgandi. Mazkur kelishuv Eron, Xitoy, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya o‘rtasida imzolangan bo‘lib, uning maqsadi Eronni yadroviy qurol yaratishdan to‘xtatish edi. Biroq 2018 yilda Donald Trampning qarori bilan AQSH bitimdan chiqib, sanksiyalarni qayta tiklagach, kelishuv amalda kuchini yo‘qotdi.
Live
Barchasi