Biz yutyapmiz, g‘alaba raqibga berilyapti – Rahmatjon Ro‘zioxunov JCHdagi mag‘lubiyatlar haqida
Sport
−
03 noyabr 2021
4780Serbiyada davom etayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionati o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Kecha, 2 oktyabr kuni chorak final bahslari o‘z yakuniga yetdi. Ushbu bosqichda ishtirok etgan 6 o‘zbekistonlik bokschining 4 nafari musobaqa bilan xayrlashdi.
Jumladan, 75 kg vazn toifasida Saidjamshid Jafarov Tailand vakili Viparon Jongjoxoga qarshi ringga chiqib, jang davomida katta ustunlikka erishgan bo‘lsa-da, yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Terma jamoa katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov raqib bokschisining qo‘li baland ko‘tarilgan paytda hissiyotlarini yashira olmadi va bellashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
"Hakamlar nazoratchisi tailandlik edi. Men birinchi raundda 3:2 hisobi qayd etilganidayoq, hammasini tushunib yetgan edim. Vaholanki, “5:0” yutayotgandik. Ikkinchi raund 3:2 hisobida raqibga g‘alaba berildi, biroq uni ham yutgandik. Oxirgi raundda 4:1 hisobidagi g‘alabani tailandlikka berishdi. Men Marat akaga (terma jamoa bosh murabbiyi) mana bu tailandik hammasini hal qilib, g‘alabani raqibga berib yuboradi dedim. Marat Galiyevich esa “Biz yutyapmiz, qanday qilib berib yuborishadi?”, deb aytdi. Ha, biz yutayotgan edik, lekin ochkolar bizga qarshi berilyapti, bizni aldab-aldab uchinchi raunddayoq ko‘p narsani hal qilishyapti. Yana qanday ishlash kerak? Qanday qilib yutish kerak? Nima qilish kerak?”, deydi Ro‘zioxunov.
Mutaxassisning fikricha, Hasanboy Do‘smatov, Miraziz Mirzahalilov, Shahram G‘iyosov va Shahobiddin Zoirov, Odiljon Aslonov va Saidjamshid Jafarov ishtirokida janglarga to‘xtalib o‘tdi:
“Hasanboy, Miraziz, Shahram va Shahobiddinning jangida ham shunday qilishdi. Umumiy 4 ta jangimizda hakamlar nohaqlik qilishdi. Agar vaziyat shunday ketadigan bo‘lsa, yarim final, final bahslari eng oson janglar bo‘ladi. Kuchsizlar chempion bo‘ladi Hatto bizning “protest”imizni ko‘rib chiqishmayapti. Odiljonning jangiga e’tiroz bildirgan edik, biroq 2:3 hisobi berilgan, ko‘rib chiqilmaydi deyishdi. Unday bo‘lsa, bu chempionatni umuman o‘tkazmaslik kerak edi. Nega jamoamizga bunday munosabat bildirilayotganini tushunmayapman. Birinchi kundanoq yetakchilarimizni chiqarib yuborishdi. Saidjamshid mag‘lub bo‘lgani yo‘q. Ko‘pchilik protest haqida so‘rayapti. Agar, ko‘rib chiqilmasa, uning nima keragi bor”.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada to‘liq tarkibda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasidan yarim finalda faqatgina ikki nafar bokschi qoldi. Janglar ertaga, 4 noyabr kuni o‘tkaziladi.
LiveBarchasi