Biz Rossiya bilan aloqadamiz – Tramp
Olam
−
31 yanvar 6606 3 daqiqa
American Airlines yo‘lovchi samolyoti AQSH armiyasining Black Hawk vertolyoti bilan to‘qnashib, Vashington yaqinidagi Ronald Reygan milliy aeroporti yaqinida Potomak daryosiga qulagandi. Halokat oqibatida samolyot bortidagi barcha yo‘lovchilar va ikkala ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 30 yanvar kuni Oq uydan amerikaliklarga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
Tramp bortida nafaqat amerikaliklar, balki boshqa davlatlar, jumladan Rossiya fuqarolari ham bo‘lgan qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. U falokat holatlariga oydinlik kiritish uchun hamma narsani qilishga va’da berdi. Tekshiruv Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA), Milliy transport xavfsizligi kengashi va Pentagon tomonidan olib boriladi.
Prezidentning aytishicha, amerikalik rasmiylarning to‘qnashuvga nima sabab bo‘lganligi haqida “jiddiy fikrlari” bor.
“Biz bu falokatga nima sabab bo‘lganini bilmaymiz, lekin bizda juda kuchli fikr va g‘oyalar bor”, dedi Tramp.
Oq uy rahbari aviadispetcherlarni yollashda standartlarga rioya qilish zarurligini ta’kidladi va o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenning ushbu sohadagi siyosatini qoralab, FAA'ni inklyuziya dasturlari orqali malakasiz xodimlarni yollashda aybladi. Tramp o‘zining buyruqlaridan biri orqali barcha aviakompaniyalar uchun xavfsizlik talablarini oshirganini, shu bilan birga xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlikni rag‘batlantirish dasturlarini bekor qilganini aytdi.
Jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Tramp samolyot halokatida halok bo‘lganlar orasida rossiyaliklar bo‘lgani uchun Vashington Moskva bilan aloqada ekanini aytdi.
"Biz allaqachon Rossiya bilan aloqadamiz", dedi Tramp.
Shuningdek, u Vashington Rossiya fuqarolarining qoldiqlarini qaytarishga yordam beradimi, degan savolga javob berib: "Ha, qilamiz", degan.
Uning aniqlik kiritishicha, yo‘lovchi samolyoti bortida boshqa davlat fuqarolari ham bo‘lgan.
Tramp aviatsiya bo‘yicha sobiq yuqori lavozimli amaldor Kris Rochelauni FAA ma’muri vazifasini bajaruvchi etib tayinlaganini ham e’lon qildi. Rochelau AQSH harbiy-havo kuchlari faxriysi bo‘lib, FAA'da 20 yildan ortiq xizmat qilgan, ilgari Milliy biznes aviatsiyasi assotsiatsiyasining bosh operatsion direktori lavozimida ishlagan. Manbalarga ko‘ra, Senat Savdo qo‘mitasida yuridik maslahatchi bo‘lib ishlagan Liam MakKenna FAA'ning bosh maslahatchisi etib tayinlangan.
Ma’lumot uchun, 29 yanvar kuni kechasi AQSH poytaxti Vashington shahrida American Airlines aviakompaniyasining Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti Ronald Reygan aeroportida qo‘nish vaqtida Sikorsky H-60 (Black Hawk) harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib, Potomak daryosiga qulab tushgan. Samolyot bortida 60 yo‘lovchi va to‘rt ekipaj a’zosi, vertolyotda uch harbiy xizmatchi bo‘lgan. Ikkala tomon ham Potomak daryosiga tushib ketgandi. Samolyot bortida figurali uchish bo‘yicha juftlik bahslarida Jahon chempioni bo‘lgan rossiyalik Yevgeniya Shishkova va Vadim Naumov ham bo‘lgani aytildi. Voqea joyida ishlayotgan politsiya xodimining so‘zlariga ko‘ra, 30 nafar halok bo‘lganlarning jasadi suvdan chiqarib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu fojiali aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga ta’ziya maktubi yo‘llagan edi.
Live
Barchasi