“Biz xalqdan hech narsani yashirmaymiz”. To‘qayev “qonli yanvar” bo‘yicha xalqqa hisob beradi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev joriy yilning mart oyida mamlakat xalqiga murojaatida yanvar oyida yuz bergan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha tergov natijalari haqida gapiradi. Bu haqda davlat rahbari Matbuot kotibi Berik Uali ma’lum qildi.  

“Davlat rahbari mart oyidagi Qozog‘iston xalqiga murojaatida [yanvar voqealari] tergovning dastlabki natijalarini ommaga e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Qosim-Jomart To‘qayev bir kun avval “Qozog‘iston” telekanaliga bergan intervyusida aytganidek, barcha ma’lumotlar e’lon qilinadi, biz xalqdan hech narsani yashirmaymiz. Hozirda tegishli idoralar tomonidan keng ko‘lamli tergov harakatlari olib borilmoqda, bunga biroz vaqt kerak bo‘ladi”, deb yozgan Uali o‘zining Facebook’dagi sahifasida. 

Unga ko‘ra, tartibsizliklar paytida qo‘lga olingan shaxslarning javobgarligi masalasi qonun ustuvorligi asosida hal qilinadi. 

“Ma’lumki, ushbu shaxslarning salmoqli qismiga nisbatan ehtiyot chorasi yumshatilgan. Hozirgacha yuzlab odamlar tergov izolyatorlaridan ozod qilingan. Hozirda mahbuslar huquqlarini himoya qilish ishlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, og‘ir jinoyat (qotillik, zo‘rlash, talon-toroj qilish) sodir etgan har bir shaxs qonun doirasida jazolanadi”, deya tushuntirgan Matbuot kotibi. 

Uning eslatishicha, To‘qayev mart oyi o‘rtalariga rejalashtirilgan murojaatida o‘zining siyosiy islohotlar dasturini ham taqdim etishni rejalashtirmoqda. 

Joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy malumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar natijasida 225 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

70

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing