“Biz hammasiga tayyor turishimiz kerak”. Sobiq bokschi Klichko Rossiya-Ukraina urushi haqida
Olam
−
14 yanvar 2022
10788Ukrainalik boks bo‘yicha sobiq og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, hozirda Kiyev meri sifatida faoliyat yuritayotgan Vitaliy Klichko Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlarga nisbatan o‘z fikrini bildirdi.
“Biz har qaday vaziyatga tayyor bo‘lishimiz kerak. Agar ziddiyat kuchayib ketadigan bo‘lsa... Biz mustaqilligimiz va mamlakatimiz yaxlitligini himoya qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak va fuqarolik mudofaasi ham yuqori darajada bo‘lishi lozim”, deya bildirgan sobiq bokschi Klichko “CNN” telekanaliga bergan intervyusida.
Bir necha oylardan beri davom etayotgan Rossiya va Ukraina chegarasidagi taranglik fonida Moskva 100 minglab qo‘shinlarini chegara yaqiniga to‘plagan.
Klichkoga ko‘ra, Rossiyaning ehtimoliy hujumi xavotirli, albatta, ammo ruslarning chegara bo‘ylab olib borayotgan harbiy harakatlari shunchaki chalg‘ituvchi harakatlar bo‘lishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, buni oddiygina “mushaklarni chiniqtirish o‘yini” deya atash ham mumkin.
So‘nggi kunlarda AQSH, Rossiya va NATO davlatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralari fonida Rasmiy Moskvaning o‘z xavfsizligi masalasida xavotirga tushib qolganini ko‘rish mumkin.
Kuni kecha Venada NATO bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Rossiya Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgani va NATOni Sharqqa tomon siljishdan to‘xtatishga urinayotgani, siyosiy ekspertlar fikricha, shubhali ko‘rinmoqda.
Bu bilan Moskva o‘zining xavfsizligi uchun G‘arbdan kafolat talab qilayotgani ayon bo‘lmoqda.
AQSH Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Vendi Shermanning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchisi bo‘lgan NATO davlatlari Kremlning Ukrainani NATOga qirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi talabini qat’iyan rad etgan.
Sobiq sportchi Klichko “Ukrainaga taalluqli masalalar Ukrainaning ishtirokisiz hal qilinayotgani”dan shikoyat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni Venada bo‘lib o‘tgan YeXHT doirasidagi muzokaralar xavfsizlik bo‘yicha Moskva tomonidan ilgari surilgan Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi Rossiya-NATO Kengashining so‘nggi, uchinchi bosqichi edi. Bundan oldin, 12 yanvar kuni Bryusselda o‘tkazilgan uchrashuv muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lgan.
Muzokaralarning birinchi bosqichi esa 10 yanvar kuni Jenevada Rossiya-AQSH o‘rtasida bo‘lib o‘tgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi