Biz ham, Ukraina ham g‘arbning nasihatlaridan charchadik – Erdo‘g‘an

Olam

image

Hamma (YeI davlatlari) Ukrainaga takror va takror nasihat qilmoqda. Bu nasihatlar bilan qorin to‘ymaydi. Nima qildingiz, nima qilyapsiz, nima qilmoqchisiz, yoki bir qadam tashladingizmi? Biz hech qanday qadam tashlanmaganini ko‘ryapmiz. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 25 fevral kuni Istanbulda juma namozini ado etgach, matbuot xodimlari bilan uchrashuvda gapirgan.

Prezident Erdo‘g‘an bugun Ukrainadagi favqulodda holat bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan NATO davlatlari yig‘ilishiga e’tibor qaratib, shunday degan: 

“Hali o‘tkazilmagan yig‘ilishdan qanday natijalar olishimiz haqida bir narsa deb bo‘lmaydi. Soat 17:00 (Toshkent vaqti bilan 19:00)da yig‘ilish o‘tkazamiz va bu yig‘ilishda rahbarlarning fikrini ko‘ramiz. NATOning pozitsiyasiga nisbatan bizning pozitsiyamiz juda aniq va ravshan edi. Demak, bu oddiy qoralashga aylanib qolmasligi kerak”. 

Turkiya rahbariga ko‘ra, NATO Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilishi kerak. 

“NATO tomonidan qat’iyroq qadam qo‘yilishi kerak edi. Biz janob Bosh kotib Stoltenberg bilan bu borada aniq muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu uchrashuvlarda biz ham NATOning pozitsiyasi borasidagi pozitsiyamizni ularga yetkazdik. Bugungi yig‘ilishda barcha yetakchilarning pozitsiyasini ko‘ramiz va ularga o‘z pozitsiyamizni tushuntiramiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

Erdo‘g‘anga ko‘ra, bugungi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Ukrainaga nasihat qilishning o‘zi yetarli emas. Shundoq ham Yevropa Ittifoqi davlatlari bugungacha amaliy ish o‘rniga, faqat nasihat bilan chegaralandi. 

“Ularning barchasi Ukrainaga takror va takror nasihat qiladi. Albatta, bu nasihat bilan qorin to‘yib qolmaydi. Siz nima qildingiz, nima qilyapsiz, nima qilmoqchisiz yoki biron bir qadamingiz bormi? Qarasak, hech qanday qadam tashlanmagan.

Bugungi NATO sammitida "Siz bu masala bo‘yicha qanday qadamlar tashlayapsiz yoki qilmoqchisiz", degan savolni ko‘tarmoqchimiz. Yo‘qsa, ko‘p nasihat qilish, ko‘pni qoralash befoyda”, degan Erdo‘g‘an.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

1404

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing