Bittadan maktabni o‘quvchilar oylik oladigan tizimga moslashtirolmagan hokimlar tanqid qilindi
Jamiyat
−
15 may 10176 2 daqiqa
O‘zbekistondagi 16 ta tuman hokimi bittadan maktabni tadbirkorlarga biriktirib, o‘quvchilar 2 milliondan 5 million so‘mgacha oylik oladigan tizimga moslashtirish topshirig‘ini bajara olmagani uchun tanqid qilindi. Bu haqda bugun, 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.
Bildirilishicha, o‘tgan yili 1,5 mingta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning ta’lim dasturi joriy qilingan. Shundan 300 tasida zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari yo‘qligi qayd etildi.
Ikki yil oldin tarmoqlar talabi asosida 289 ta maktabning 10-sinf o‘quvchilariga 60 turdagi kasblarni o‘rgatish boshlandi. Shundan 114 ta maktabga tadbirkorlar biriktirilib, 4 ming o‘quvchi 2 milliondan 5 million so‘mgacha oylik olayapti.
Dehqonobod, G‘uzor, Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi, Guliston, Sardoba, Xovos, Boysun, Denov, Sho‘rchi, Muzrabot, Buvayda, Dang‘ara, Hazorasp, Xonqa tumanlari hokimlariga bittadan maktabni ushbu tizimga moslashtirish topshirig‘i berilgan edi. Lekin, ular kasbga o‘qitish uchun na zarur jihoz, na xom ashyo olib bergani tanqid qilindi.
Shuningdek, o‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari imtihondan o‘ta olmagani qayd etildi.
Ishga olishda diplomga qarab emas, bilim va malakani baholash tizimiga o‘tildi. Bu yangi tizim orqali imtihon qilingan 13 ming nomzoddan 6 mingi bilimi qoniqarsiz bo‘lgani uchun ishga kira olmadi.
Yoki 61 ta xususiy oliygohda pedagog-kadrlar o‘qitilayotgani bilan birortasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallim tayyorlanmaydi.
Live
Barchasi