Bishkekda mingdan ortiq kishi ishtirokida miting bo‘ldi (video)
Olam
−
18 may
11146Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda kecha, 17 may kuni kechki payt mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasida mushtlashuv bo‘lgan yotoqxona yaqinida miting bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chalarga 1 mingdan ortiq odam chiqqan. Mitingga 13 may kuni sodir bo‘lgan mushtlashuv sabab bo‘lgan. 13 may kuni kechqurun Budyonniy yotoqxonasida mahalliy va xorijlik fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Politsiya Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 280-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va janjalning barcha ishtirokchilari ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
17 may kuni kechqurun yotoqxonadan uncha uzoq bo‘lmagan Chuy-Qurmanjon dodxoh ko‘chalari kesishgan hududda to‘plangan odamlar xorijliklarni javobgarlikka tortishni talab qildi.
Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Azamat To‘qtonaliyev ularga ushbu ish bo‘yicha 3 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingani – ularning barchasi xorijlik ekanini aytdi. Bildirilishicha, Qirg‘iziston fuqarolari politsiyaga guvoh sifatida taklif qilingan. Shuningdek, qo‘lga olinganlarning o‘zlari keyinroq kechirim so‘rashgan. To‘qtonaliyev xalqni tarqalishga, soxta ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirdi. Biroq olomon tarqalmadi va iltimosga javob bermadi. Shu munosabat bilan jamoat tartibini buzganlik uchun bir qator hibsga olishlar kuzatildi, biroq birmuncha vaqt o‘tgach, odamlar soni 1000 dan oshdi.
Shuningdek, To‘qtonaliyev mushtlashuv natijasida kimdir halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni soxta deb atadi. Biroz vaqt o‘tgach, yig‘ilganlar rahbariyat bilan uchrashishni talab qildi. Biroq poytaxt ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i To‘qtonaliyev tomonidan olib borilgan muzokaralardan so‘ng ertalab namoyishchilar tarqalib ketdi.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Bishkekdagi vaziyat barqaror ekanini va “Ichki ishlar vazirligi va Bishkek shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi to‘liq nazorati ostida” ekanini ma’lum qildi. Politsiya kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda. Barcha ko‘chalarda transport harakati tiklandi.
LiveBarchasi