Bishkekda favqulodda holat e’lon qilindi

Olam

image

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda kuchli shamol tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Bishkek meriyasi matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, kechqurun shamol tezligi soniyasiga 25 metrdan oshgan. Shuning uchun ham shahar meri Aybek Junushaliyev favqulodda holat e’lon qilgan. Kecha, 28 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:20 da Bishkek va Chuy vodiysida 18–26 m/s gacha kuchli shamol esdi.

“Hududlarni ko‘zdan kechirish va hodisa oqibatlarini, shuningdek, potensial xavfli hududlar: tomlarning osilgan bo‘laklari, konditsionerlar, yirik shoxchalar va hokazolarni aniqlash maqsadida tuman hokimliklari, shahar inspeksiyalari va kommunal xizmatlardan mobil guruhlar tashkil etildi. Barcha shahar xizmatlari kuchaytirilgan rejimga o‘tdi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 3 ta ma’muriy binoning, jumladan, yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘zi, shuningdek, 25 ta turarjoy binosining tomlari shikastlangan. Chuy vodiysida shamol oltita ma’muriy va 15 turarjoy binosining tomlarini uchirib ketgan.

Shoshilinch tibbiy yordam markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Bishkekda shamol oqibatida ikki kishi jabrlangan. Kiyev ko‘chasida tomdan metall bo‘lagi 14 yoshli o‘smirning ustiga qulab tushgan. Bola boldir suyagining o‘rta uchdan bir qismi sinishi, bosh suyagining yopiq jarohati tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Sherbakova va Elebesova ko‘chalari chorrahasida 41 yoshli ayol boshqarayotgan mashina ustiga daraxt qulab tushgan. Jabrlanuvchi yopiq kranioserebral shikastlanish, miya chayqalishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bishkek ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, noqulay ob-havo tufayli 11 shahar maktabi va sakkizta bolalar bog‘chasi zarar ko‘rgan. 1 aprelga qadar maktab o‘quvchilari ta’tilda, bog‘chalar esa odatdagidek ishlashda davom etadi. Kuchli shamol tufayli trolleybus liniyalariga shikast yetgan, 10 va 11-sonli yo‘nalishlardan tashqari barcha yo‘nalishlarda qatnov to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘istonning ayrim viloyatlarida suv toshqini sababli favqulodda holat e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Bishkek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing