Bishkek va Dushanbe yana 17 kilometrlik chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuvga erishdi

Olam

image

Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari chegaraning yana 17 kilometrlik umumiy uchastkasini tavsiflash bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda bugun, 7 dekabr kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

"Botken shahrida Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hukumat delegatsiyalari topografik ishchi guruhlarining Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar umumiy uzunligi 17,66 km bo‘lgan Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasi chizig‘i loyihasini yakunladi. Shuningdek, ishlarni davom ettirish maqsadida 2023 yilga mo‘ljallangan uchrashuvlar jadvalini kelishib oldi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi matbuot xizmati ikki davlat delegatsiyalarining navbatdagi uchrashuvi Tojikistonda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 kilometrni tashkil etadi. 2002 yil dekabr oyidan boshlab uni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Hozirgi vaqtda chegara chizig‘ining 600 kilometrga yaqini aniqlangan va davlatlar tomonidan o‘zaro tan olingan. Chegara chizig‘ining qolgan qismi esa bahsli hisoblanadi. Ushbu muammoning hal bo‘lmagani ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida bir necha bor o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq nizolarga sabab bo‘lgan. Ularning oxirgisi 2022 yil kuzida sodir bo‘lgan edi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing