Bishkek Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li to‘g‘risidagi hujjatni ratifikatsiya qildi
Olam
−
19 iyun
4018Qirg‘iziston parlamenti Xitoy va O‘zbekiston bilan birgalikda temiryo‘l qurish bo‘yicha uch tomonlama shartnomani ratifikatsiya qildi. Bu haqda Qirg‘iziston oliy qonun chiqaruvchi organi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugun, 19 iyun kuni Oliy Kengash yig‘ilishida deputatlar 2024 yil 6 iyun kuni Pekin shahrida imzolangan “Xitoy Xalq Respublikasi hukumati, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida iyun oyida imzolangan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasini birgalikda ilgari surish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qildi”, deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Irisbek Bariyev parlament yig‘ilishida ta’kidlaganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishni boshlash imkonini beradi. Uning fikricha, loyihaning amalga oshirilishi Qirg‘iziston iqtisodiyotini rivojlantirishda umumiy ijobiy ijtimoiy-iqtisodiy samara beradi va aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarini kengaytirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish va takomillashtirishga sezilarli hissa qo‘shadi.
Bariyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi temiryo‘l yo‘lagi “Yevrosiyo kontinental ko‘prigi”ning janubiy tarmog‘iga aylanadi va respublikaning Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish yo‘llarini ochadi. Bu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari, jumladan Turkiya va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni tezroq yetkazib berishni ta’minlaydi. Loyiha, shuningdek, yuklarni yetkazib berish masofasi va vaqtini qisqartirish orqali xalqaro tranzit bozorida raqobatbardoshlikni oshirishni ta’minlaydi.
Qurilishi yaqin kunlarda boshlanishi rejalashtirilgan yangi temiryo‘lning uzunligi 454 kilometrni tashkil etadi. MDH va Xitoy turli kenglikdagi yo‘llardan foydalanishi sababli Qirg‘iziston hududida vagon g‘ildiraklarini almashtirish stansiyasi quriladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr