“Birovning ishiga burun suqma”. Qozoqlarni manqurtga o‘xshatgan jurnalistga qattiq javob qaytarildi

Tahlil

image

Xalqimiz orasida tirnoq ichidan kir qidirmoq iborasi bor. Ayb qidiradigan odam arzimagan narsalardan ham baribir ayb topadi. Ammo ayb topish bilan birga arini iniga cho‘p suqib qo‘yadiganlar ham yo‘q emas. Gap shundaki, joriy yilning 9 yanvar kuni Qozog‘istonning “Ochiq yuridik hujjatlar” portaliga ayrim viloyat va shaharlarda temir yo‘l vokzallarini nomini o‘zgartirish loyihasi joylashtirildi. Ushbu loyihada bir qancha temir yo‘l vokzallarining rus tilidagi nomi o‘zgartirilishi qayd etilgan. Qozog‘istonda taklif etilgan bu o‘zgarish rossiyalik teleboshlovchi Tina Kandelakiga yoqmadi chog‘i birdaniga dod-voy solib chiqdi, kamiga qozoqlarni manqurtga ham o‘xshatdi.

Uning aytishicha, ismlarni o‘zgartirish qozoqlarning xotirasini o‘chirish bilan barobar.

"Hurmatli qozoqlar, sizda oddiy, ammo keng qamrovli tushuncha bor – “mengu” degan. Manqurt tushunchasi – xotirasini, o‘zligini, ba’zan aqlini yo‘qotgan odamga nisbatan qo‘llaniladi. O‘tmishni unutish, tarixning barcha ko‘rinishidan, shu jumladan, tarixiy nomlardan voz kechish nafaqat savodsizlik, balki undan ham battardir. Ayniqsa, yer yuzida yashaydigan va osmonga uchmaydigan odamlar uchun”, deb yozgan rus suxandoni.

Butun bir millatni manqurtga o‘xshatgani yetmaganidek teleboshlovchi 2022 yilda yuz bergan "Qonli yanvar voqealari"da Qozog‘istonga agar “qo‘shnilari yordam bermaganida” mamlakatdagi bugungi vaziyat ancha yomon bo‘lishi mumkinligini ham pisanda qilgan.

"O‘tmishni eslamaslik, ikki yil avval qo‘shnisining ko‘magi bo‘lmaganida Qozog‘iston davlati deyarli yo‘q bo‘lib ketishini unutish demakdir", degan Kandelaki.

Teleboshlovchi shuncha narsaga burnini suqqani yetmaganidek, uchinchi dunyo mamlakatlari, jumladan Qozog‘istondagi “qoloq”likni kulgi ostiga olgan “Borat” filmini ham tanqid qilgan.

“O‘tmishni eslamaslik “Borat”ni ham olqishlashdir. Qozog‘istondan tashqari uni yana kim taqiqlagan – Rossiya va Fors ko‘rfazi mamlakatlari.  G‘arbning ma’rifatli “elflari” uchun qozoqlar kimlar? Filmda bunga aniq javob berilgan", deya qo‘shimcha qilgan Tina.

Uning bu gaplariga qozog‘istonliklar ham jim qarab turmadi. To‘g‘rida butun bir millatni manqurtga qiyoslashadiyu hech kim indamaydimi. Qozog‘istonlik teleboshlovchi Dinara Satjan rossiyalik hamkasbi Tina Kandelakining bayonotiga qattiq javob qaytardi.

"Hurmatli Tina! Avvalo, biz mustaqil suveren davlatmiz. Ruslarning birovning ishiga burun suqma degan bir yaxshi maqoli bor. Keling, qanday temir yo‘l stansiyasini nomlashni o‘zimiz hal qilaylik. Ikkinchidan, Qozog‘iston o‘zining mustaqillik yillarida Sovet hokimiyati davrida yo‘qolgan ona tilini bosqichma-bosqich tiklab kelmoqda. Uchinchidan, rus tili mamlakatimizda millatlararo muloqotning rasmiy tili, qozoq tili esa davlat tili hisoblanadi. Bu esa Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan”, deb javob bergan Satjan.

Qozog‘istonlik teleboshlovchining qayd etishicha, vokzallar o‘zlarining tarixiy hududiy nomlarini qaytarmoqda.

"Buning rus tilining ko‘chishiga nima aloqasi bor? Bizda esa nafaqat davlat tilida, balki rus va ingliz tillarida ham gaplashamiz. Bu bizning kuchimiz!" deydi Satjon.

Bundan tashqari, Tina Kandelakining ushbu gaplariga qozog‘istonlik deputat Konstantin Avershin ham javob qaytargan.

“Davlat tilini ommalashtirish borasidagi har qanday qaror qabul qilinadi. Biz o‘z suverenitetimizni qo‘lga kiritdik, biz mustaqil davlatmiz va o‘z hududimizda zarur deb bilgan ishni qilishga haqlimiz. Men uning kimligini ham bilmayman. Agar biror nufuzli shaxs gapirsa, bu haqda fikr bildirish mumkin edi”, deydi Avershin.

Deputat Maqsat To‘liqbay esa hozirda Qozog‘iston aholisining 70 foizdan ortig‘ini etnik qozoqlar tashkil etishini va qozoq tili mamlakat tub aholisining katta qismini birlashtirganini ta’kidlagan.

"Biz umumiy tilga ega bo‘lishimiz kerak. Biz shu yo‘ldan ketyapmiz. Avvalo, davlat xizmatchilari oldida majburiyat bo‘lishi kerak, chunki aholimizning 70 foizdan ortig‘ini qozoqlar tashkil etadi. Biz hech kimga bosim o‘tkazmaymiz. Shunchaki, Konstitutsiyada faqat davlat tilini qoldirish masalasini ko‘tarish vaqti keldi. Hozir aniq sanalarni ayta olmaymiz, lekin til masalasini albatta ko‘taramiz”, deydi Maqsat To‘liqbay.

Kandelakining yuqoridagi aytgan gaplariga qozoq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham jim qarab turmadi. Bir foydalanuvchi "Tina, o‘z joyingni bil, Qozog‘istonda nima qilishimiz senga bog‘liq emas", deya izoh yozgan bo‘lsa yana bir tarmoq foydalanuvchisi Milliy o‘zligini, ona tilini yo‘qotgan manqurt aynan sensan deya izoh yozgan. 

Ha aytgancha ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari uni asli rus emas, gruzin ekanini ham unutmagan. Masalan, bir qozoq fuqarosi Instagram’da "Tina, Rossiya qo‘shni davlatning qonli urushini, tajovuzkorligini, bosib olishini va genotsidini boshlab berdi", deya Ukrainani misol qilib keltirgan va Rossiya uning asli vatani Gruziyani ham bosib olganini eslatgan. Ammo Kandelakining internetdagi sahifalari ostiga yozilgan izohlar darrov o‘chirilib yuborilmoqda.

E’tiborli jihati, Tinaning bunday ayblovlari rossiyaliklar tomonidan birinchi marta aytilishi emas.  O‘tgan yilning oxirida Rossiya Davlat Dumasi deputati Yevgeniy Fedorov Qozog‘istonning SSSR tarkibidan chiqishini noqonuniyligini aytib chiqqandi. Jurnalist Dmitriy Steshin esa Qozog‘istonning shimoliy hududlari tarixan Rossiyaga tegishli ekanini iddao qilgandi.

Qozog‘iston rossiyaliklar tomonidan tahdid qilingan, ayblovlar qo‘yilgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat emas. Xabaringiz bor yaqinda “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi gaplari hali esimizdan chiqqani yo‘q, chiqmasa ham kerak.

Rasmiy Moskva esa Prilepin, Fedorov kabi odamlarning bunday gaplarini "ularning shaxsiy fikri", deya xaspo‘shlashdan charchamaydi. Biroq rossiyalik mashhur shaxslarning Markaziy Osiyo davlatlariga tahdidlari ko‘paysa-ko‘paydiki, aslo kamaymayapti. Balki bu jiddiy signaldir, yana bilmadik. “O‘zingni ehtiyot qil, qo‘shningni o‘g‘ri tutma” maqoliga amal qilamiz, hozircha. Ha aytgancha, siz ham o‘zingizni ehtiyot qiling va QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting.


Maqola muallifi

Teglar

Tina Kandelaki Dinara Satjan Maqsat To'liqbay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing