Birinchi bosqich talabalaridan yotoqxona uchun ariza qabul qilish boshlandi
Jamiyat
−
23 avgust 2023
2811Oliy ta’lim muassasasiga kirgan birinchi bosqich talabalaridan yotoqxonaga joylashishi uchun ariza qabul qilish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, Talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Talabalar turar joyi axborot tizimi”ga yuklash ishlari o‘z yakuniga yetgan. Shu sababdan talabalardan ariza qabul qilish boshlangan.
Endi birinchi bosqich talabalari davlat oliy ta’lim muassasalarining yotoqxonalariga joylashishi uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza yuborishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1 mln 18 ming 7 nafarni tashkil etgan. Shulardan 948 486 nafar abituriyent test sinoviga loyiq deb topilgan, ammo ulardan 59 866 nafari imtihonga kelmagan. Shuningdek, 13 kun davom etgan imtihonlardan jami 148 nafar abituriyent chetlashtirilgan.
Ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda jami abituriyentlarning salkam yarmi (49,4 foiz) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni ham to‘play olmagan. 56,7 balldan kam to‘plagan abituriyentlarning 70,5 foizi avvalgi yillarda o‘qishni tugatgan bo‘lsa, qolgan 29,5 foizi joriy yilgi bitiruvchilar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari 22 avgustdan boshlab e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi