Bir paytlar tekin bo‘lgan ne’mat: Turkmanistonda gazdan qarzi borlarning oziq-ovqat uchun navbatda turishi taqiqlandi
Olam
−
21 iyun 2021
15005Turkmaniston hukumati tabiiy gazdan qarzdorlik sababli mamlakat sharqidagi Lebap viloyati aholisini oziq-ovqat mahsulotlaridan mahrum qilmoqda. Hukumat aholining gazdan qarzdor qismiga yonilg‘i ta’minotini to‘xtatish va ularning mol-mulkini musodara qilish bilan tahdid qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda viloyatning bir qancha tumanlarida gaz uchun qarzlarni to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblar olib borilmoqda. To‘lovni esa faqat naqd pulda amalga oshirish mumkin. So‘nggi yillardagi chuqur iqtisodiy inqiroz tufayli mamlakatda naqd pul yetarli emas. Gazdan qarzi bor minglab insonlarga un, sariyog‘ va shakarni imtiyozli narxlarda sotib olish imkoniyati berilmayapti.
Xabarga ko‘ra, qarzdorlar ro‘yxatining asosini kam ta’minlangan oilalar va nogironlar tashkil etadi. Ishsizlik, oziq-ovqat va dori-darmon yetishmovchiligi, nafaqalarning kechikishi fonida gaz masalasi aholini ochlikka mahkum qilishi mumkin. Shu bilan birga, imtiyozli mahsulotlar narxi ham o‘sib bormoqda, aholiga taqdim qilinayotgan arzonlashtirilgan mahsulotlar normasi esa sezilarli darajada pasaygan.
Shunday qilib, joriy yilning yanvar oyida unning oylik me’yori odam boshiga besh kilogrammni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir bir oilaga besh kilogramm berilmoqda. Ba’zi hududlarda shakar kabi boshqa mahsulotlarning ham oylik normasi pasaytirilgan. Bu aholi noroziligining kuchayishiga sabab bo‘lyapti, ular hokimiyatdan muammoni hal qilishni talab qilmoqda. Biroq, rasmiylar inqiroz mavjudligini tan olmayapti.
Qayd etish kerakki, Turkmanistonda dunyodagi ikkinchi eng yirik gaz koni mavjud. Ulkan resurslar ko‘p yillar davomida xarob ahvolda bo‘lgan mamlakat iqtisodiyotini qutqara olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 1 yanvaridan Turkmanistonda aholini tabiiy gaz qatorida elektr energiyasi, suv va tuz bilan bepul ta’minlash to‘xtatildi. Aholi uchun ushbu birlamchi mahsulotlarning bepul tariflari 1993 yilda mamlakatning birinchi Prezidenti Saparmurod Niyozov tomonidan joriy qilingandi.
LiveBarchasi