“Bir oyog‘i Isroilda bo‘lgan” Blinken yana Yaqin Sharqqa boradi

Olam

image

Bugun, 4 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab safarga chiqadi. U mazkur tashrif doirasida Isroilga ham qo‘nib o‘tadi. Bu haqda Davlat departamentining yuqori martabali rasmiysi brifingda ma’lum qildi.

“Hamkasbim (Baydenning energetika xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi) Amos Xoxshtayn, menimcha, ertaga (4 yanvar) Isroilda bo‘ladi. Albatta, bizning Davlat kotibimiz Blinken ham kechqurun mintaqaga jo‘nab ketadi”, deydi u.

Erondagi portlashlarni izohlar ekan, diplomat bu portlashlar ISHID jangarilari tomonidan “o‘tmishda sodir etilgan teraktga o‘xshash” ekanini ta’kidlagan. 

"Hozircha bu bizning taxminimiz", deydi u.

Shu bilan birga, Davlat departamenti vakili Eronni yamanlik husiylarni qurollantirishda aybladi. U Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilaridan husiylarga Qizil dengizdagi hujumlarning oqibatlari haqida "qo‘shimcha ogohlantirishlarni kutmasligini" aytdi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 7 oktyabr kuni HAMAS-Isroil o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar avj olgandan beri Blinken Yaqin Sharqqa serqatnov bo‘lib qoldi. 12 oktyabrda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga bordi. U Isroildan so‘ng Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrda ham bo‘ldi va ushbu davlatlarning rasmiylari bilan Isroil-Falastin masalasini muhokama qildi. Arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken 16 oktyabr kuni Isroilga qaytib bordi. Oradan ko‘p o‘tmay, 3 noyabr kuni Blinken mojaro fonida uchinchi marta Isroilga borib, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi. 30 noyabr kuni amerikalik siyosatchining samolyoti yana Tel-Avivga qo‘ndi. Tashrif chog‘ida Blinken Isroil rasmiylari bilan "gumanitar pauza", HAMAS qo‘l ostidagi mahbuslarni ozod qilish va G‘azoga yordam masalalarini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Blinken yanvar oyining birinchi haftasida G‘arbiy Sohildagi, shuningdek, Isroil, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilishni muhokama qilmoqchi ekani xabar qilingandi. U Gretsiya va Turkiyaga ham tashrif buyurishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaqin Sharq Isroil Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing