Bir oilaning 4 farzandi sut va dori aralashmasidan vafot etdimi?
Salomatlik
−
13 Sentabr 2019
25987Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Telegram’da O‘zbekistonda bir oilaning to‘rt farzandi doridan zaharlangani bilan bog‘liq xabarlar tarqalmoqda.
Unda qayd etilishicha, ona bolalariga yo‘talga qarshi bo‘lgan siropni bergan. Bolalar uni ichishdan bosh tortgach, ona dorini bolalariga sutga aralashtirib ichirgan. Bolalar shundan keyin uyg‘onishmagan, yotoqlaridan jonsiz holatda topilgan. Shifokorlar tekshiruvidan so‘ng o‘lim sabab sut va dorining aralashmasi zaharga aylanganini aniqlagan.
QALAMPIR.UZ mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi Epidemiologik masalalar bo‘yicha Bosh vrach o‘rinbosari, Tibbiyot bo‘yicha falsafa doktori Botir Qurbonov bilan suhbatlashdi. Uning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yolg‘on.
“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining barcha viloyatlar, qolaversa, tumanlarda vertikal tizimi tunu kun, 24 soat ishlaydi. Ommaviy zaharlanish, oilaviy birorta kasallik bilan kasallanish bilan murojaat qilinsa, darhol Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar beriladi.
Bunday xabar berilmadi. Hozirgacha bo‘lgan bir necha yillik mehnat faoliyatimiz davomida sut bilan bog‘liq holda doridan zaharlanish holatlari qayd etilmagan”, deydi Botir Qurbonov.
U dori bilan zaharlanish holatlari qachon va qanday holatlarda qayd etilishiga ham aniqlik kiritdi:
“Dori bilan zaharlanish holatlari qayd etiladi, qachonki, u inson salomatligiga ta’sir qilmaydigan yoki hayvonlar va o‘simliklar uchun ishlatiladigan dorini bilmasdan iste’mol qilib qo‘yganda. Xalq tilida aytadigan bo‘lsa, begona o‘tlarga qarshi yoki o‘tlarni quritishga qarshi dehqonchilikda ishlatishga olib kelingan zaharli dorini yog‘ yoki sovutilgan choy deb o‘ylab, ichib qo‘ygan holatda zaharlanish qayd etilgan. Lekin, oddiy iste’mol qilinadigan dorini suv qo‘shib yoki suvga qo‘shib ichib yuborsa, bu o‘lim holatiga olib keladigan yoki og‘ir oqibatlarga olib keladigan holat hech qachon qayd etilmagan”.
Botir Qurbonov so‘zida davom etarkan, dorilarni oddiy suv o‘rniga, gazlangan ichimliklar bilan iste’mol qilish ham salbiy oqibatlarga olib kelishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, doridan zaharlanishlar hech qachon sut bilan bog‘liq bo‘lmagan. Boisi sutning tarkibi suvga juda yaqin. U noxush ta’sir ko‘rsatadigan suyuqlik emas.
“Bunday holat faqat gazli ichimliklarbilan qayd etilishi mumkin. Zaharlanish gazli suv bilan dorining aralashishi oqibatida kelib chiqishi mumkin”.
Qurbonovning suhbat so‘nggida ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2019 yilning o‘tgan davri davomida tibbiyot dorilari bilan zaharlanish holatlari kuzatilmagan.
LiveBarchasi