Bir oiladan 4 tobut: Musiqachi va uning oila a’zolari vahshiylarcha o‘ldirildi
Olam
−
08:25 8808 2 daqiqa
Mexiko shahri yaqinidagi qimmatbaho turar joy majmuasida meksikalik musiqachi, uning homilador rafiqasi, 3 yoshli qizi, uyida ishlovchi 21 yoshli ayol va oilaga tegishli it otib o‘ldirildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, aoqea 1 sentyabr kuni kechqurun Mexiko shahri tashqarisidagi Meksika shtatida sodir bo‘lgan. Mahalliy prokuraturaning ma’lum qilishicha, jabrlanganlarning barchasi skotch bilan bog‘langan holda pentxausdan topilgan.
Halok bo‘lgan musiqachi 38 yoshli Jonatan Melendes bo‘lib, u kompozitor va Camilo Septimo indi-rok guruhida klavishchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning rafiqasi Ana Paola taxminan 4 oylik homilador bo‘lgan.
Melendes, uning rafiqasi, 3 yoshli qizi va xonadonda ishlagan 21 yoshli ayol kvartira ichida otib tashlangan. Halok bo‘lganlarning barchasi, jumladan oila iti ham skotch bilan bog‘langan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 3 yoshli qiz boshidan yaqin masofadan o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgan. Yana ikki jabrlanuvchining boshiga, bir kishining esa orqasiga o‘q uzilgan.
Oilaning 6 yoshli o‘g‘li ham voqea joyidan topilgan. U hodisadan omon qolgan va jarohat olmagan.
Qo‘shnilar kvartiradan baqir-chaqir va o‘q ovozlarini eshitganini aytgan. Jabrlanganlarning jasadlari tun yarmiga yaqin pentxaus ichida aniqlangan.
Meksika shtati prokuraturasi ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga olganini ma’lum qilgan. Ulardan biri Melendesning tanishi bo‘lib, tergovchilar uning musiqachi bilan munosabatlaridan foydalanib, xonadonga bemalol kirish imkoniga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Tergov organlari qotillikning aniq sabablarini aniqlash va gumonlanuvchilarning hodisadagi rolini belgilash bo‘yicha ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Camilo Septimo — sintpop va indi uslubida ijod qiladigan musiqiy guruh bo‘lib, uning navbatdagi konserti shu oy oxirida Meksikaning AQSH chegarasi yaqinidagi Syudad-Xuares shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Kulyakan shahrida TikTok blogeri Sesar Gastelum do‘stlari bilan jonli efir olib borayotgan vaqtda noma’lum qurolli shaxslar tomonidan otib o‘ldirilgandi.
Live
Barchasi