Bir xatoni ikki marta takrorlamaymiz – Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi haqida
Olam
−
18 may 2022
14806Anqara NATO ittifoqchilari Turkiyaning milliy xavfsizlik talablarini hisobga olishini va bu boradagi yordamini kutmoqda. Bu haqda Anqarada bo‘lib o‘tgan hukmron partiyaning parlamentdagi fraksiyasi yig‘ilishida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush fonida NATO Sharqiy qanotini mustahkamlashga intilmoqda.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Anqara NATO ittifoqchilaridan kutayotgan yagona narsa Turkiya chegarasi xavfsizligini ta’minlash uchun tashlangan qadamlarni hurmat qilishdir.
“Mamlakatimiz Shimoliy Atlantika alyansi doirasidagi majburiyatlarini doimo bajarib kelgan. Fikrimizcha, Turkiyadan NATOga a’zolik arizasini qo‘llab-quvvatlashini kutish va shu bilan birga, terrorchilarga yordam ko‘rsatish, bu nomuvofiqlikdir”, deydi Prezident.
Turkiya rahbari NATOning xavfsizlik nuqtai nazaridan ahamiyatini pasaytirishga urinishlar qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
“NATOning kengayishi biz uchun Turkiya manfaatlariga hurmat ko‘rsatilsagina muhim. Turkiya NATO missiyalariga eng ko‘p hissa qo‘shayotgan davlatlar qatorida. Biroq, bu biz har qanday tashabbusga so‘zsiz rozi bo‘lamiz, degani emas. Terrorchilarni Anqaraga topshirmasdan turib NATOga kirish masalasida (Shvetsiya – tahr.) bizdan qanday yordam kutish mumkin?”, deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbarining aytishicha, joriy yilning 23 may kuni delegatsiya NATOni kengaytirish mavzusini muhokama qilish uchun Anqaraga kelishni rejalashtirgan.
“Ha, deb ayta olmaymiz. Shuning uchun sizlar ovora bo‘lib kelmang”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, PKK/YPG terrorchilari va ularning sheriklari hamon bir qator mamlakatlar ko‘chalarida ochiq-oydin kezib yuribdi, politsiya ularni himoya qilib turibdi.
“So‘nggi paytlarda Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Shvetsiya, Shveysariyada sodir bo‘lgan voqealarni (PKK sheriklarining harakatlari – tahr.) eslash o‘rinlidir. Qanday qilib bunga ko‘z yuma olasiz? Shvetsiyadagi so‘nggi voqealardan so‘ng biz 30 nafar terrorchini o‘zimizga topshirishni talab qildik, ammo Stokgolm bizga rad javobini berdi. Terrorchilarni Turkiyaga topshirmasdan turib, ular Anqaradan NATOga a’zo bo‘lishni qo‘llab-quvvatlashini kutishadimi?”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an, NATOning birinchi navbatda xavfsizlik nomi bilan tuzilgan tashkilot ekanligini ta’kidladi.
“Biz Ittifoqning mohiyatini qadrsizlantirishga urinishlarga “ha” deb ayta olmaymiz. Bu xato bir marta Gretsiya NATOga qo‘shilganida ham qilingan edi. Eslatib o‘tamiz, Gretsiya va Fransiya Ittifoqdan chiqdi hamda bu davlatlarning a’zoligini tiklash masalasi tug‘ilganda, afsuski, biz bu qarorni ma’qulladik. Turkiya bir xatoni ikki marta takrorlamaydi”, deydi Prezident.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi.
LiveBarchasi