Bir doza vaksina olib, keyingilari olinmasa, nojo‘ya ta’sir kuzatiladimi?
Jamiyat
−
06 may 2021
5165Koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini qabul qilib, qolgan dozalarni olmaganlarda nojo‘ya ta’sir kuzatilmaydi. QALAMPIR.UZ muxbirining shu haqdagi savoliga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botir Qurbonov javob berdi.
“Agarda vaksinani bir marta olib, keyingi bosqichda o‘zi hohlab, ixtiyoriy holda olmasa ham hech qanday noxush holat bo‘lmaydi. Faqatgina kasallikka qarshi organizmdagi antitanachalar yoki immun javob reaksiyasi yetarli darajada shakllanmaydi. Belgilangan yo‘riqnomada ikki marotaba yozilgan bo‘lsa, ikkinchi marotaba olganda kasal bo‘lish ehtimoli 90 foizga himoyalangan bo‘lsa, bir marotaba o‘ylaymanki shuning yarmi ya’ni 50 foiz kasal bo‘lishi, 50 foiz bo‘lmasligi mumkin”, deydi u.
Qurbonovning ta’kidlashicha, bir marta vaksina olgan fuqaroni ikkinchi marotaba vaksina olishi uchun maxsus SMS xabar yuboriladi.
“Bir marta vaksina olgan fuqaroni ikkinchi marotaba vaksina olishi uchun maxsus SMS xabar yuboriladi. Bundan tashqari patronaj hamshirasi yoki bo‘lmasa oilaviy shifokor tomonidan har bir hududda vaksinatsiya jarayoni ro‘yxatga olingan elektron baza yaratilgan. Bu orqali ham qaytadan vaksinatsiyaga chaqirishlar, ya’ni sizni (vaksina olganingizga 21 kun bo‘ldi, bugun yigirma ikkinchi kun yoki yigirma to‘qqizinchi kun, bugun o‘ttizinchi kun bormadingiz, shuning uchun vaksinatsiya jarayoniga qaytadan borishingiz va keyingi bosqichni olishingiz to‘g‘risida) ogohlantiradi”, deydi Botir Qurbonov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda qo‘llanilgan vaksinalar 1 million dozadan oshdi.
LiveBarchasi