Binoning seysmik mustahkamligini tasdiqlovchi elektron pasportlar joriy qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatda seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimini takomillashtirish dasturi tasdiqlandi.

Xususan, quyidagi tartibda elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi:

•    2021 yil 1 apreldan – respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun;
•    2021 yil 1 maydan – yangi qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli bino va inshootlar bo‘yicha.

Qurilish vazirligi va Fanlar akademiyasi yangiliklar amaliyotga joriy etilishi uchun mas’ul tashkilotlar hisoblanadi. Shakllantirilgan elektron texnik pasportlardan seysmik xavf prognozi mavjud bo‘lgan hollarda binolar va inshootlarning seysmik mustahkamligini o‘rganish, sodir bo‘lishi kutilayotgan zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish va uning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida foydalaniladi. 2020 yil 1 dekabrga qadar bino va inshootlarni elektron texnik pasportlashtirish uslubiyati ishlab chiqiladi.

2021 yil oxirigacha:

•    mintaqaviy darajadagi seysmik xavfni baholashning ilmiy-uslubiy asoslari, shuningdek O‘zbekiston hududining mayda masshtabli seysmik risk xaritasi ishlab chiqiladi;
•    kuchli zilzilalarni o‘z vaqtida prognoz qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda tegishli profilaktik chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida mayda masshtabli seysmik risk xarita bazasida dasturiy ta’minot yaratiladi va aholi xabardorligi doimiy ta’minlab boriladi.

Bundan tashqari, ushbu sohadagi vakolatli idoralarning vakolatlari belgilangan, sohaga oid ta’limni modernizatsiyalash nazarda tutilgan, huquq ijodkorligi ishlariga oid vazifalar topshirilgan. Bir qator tashkiliy-texnik tadbirlar yaqin kelajakda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

seysmik xavfsizlik

Baholaganlar

30

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing