“BIG Uzbek” jangini ko‘rishga kelgan Umarov yoxud boks mundialining 4-kuni qanday o‘tdi?
Sport
−
05 may 2023
10695Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatining 4-kuni ortda qoldi. 4 may kunining kunduzgi dasturida -63,5 kg da Ruslan Abdullayev, kechki dasturda esa -48 kg da Shodiyorjon Meliqo‘ziyev, -51 kg da Hasanboy Do‘smatov va +92 kg vazn toifasida Bahodir Jalolov ringga ko‘tarildi.
Ruslan Abdullayev ispaniyalik Oer Ibarrechega qarshi jang qildi va 1-raunddayoq raqibini mag‘lub etdi.
Shodiyor Meliqo‘ziyev nepallik Rabin Tapaga qarshi jangda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
-51 kg da Hasanboy Do‘smatov jangiga yaqin “Humo” arena muxlislar bilan to‘lib-toshdi. Tomoshabinlarning qo‘llab-quvvatlashiga javoban Do‘smatov raqibi meksikalik Alberto Ximenesni ayab o‘tirmadi. Olimpiada chempioni ham turnirning keyingi bosqichiga yo‘l oldi.
Yana bir Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning jangiga oz fursatlar qolganda arenaga Markaziy Osiyo MMA konfederatsiyasi rahbari, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov va boshqa ko‘pgina nufuzli insonlar tashrif buyurdi.
Shuningdek, arenaning yuqori tribunasidan o‘zbekistonlik professional bokschilar Murodjon Ahmadaliyev Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov va Fazliddin G‘oyibnazarov janglarni kuzatib bordi.
Nihoyat ringga Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov chiqib keldi. Jalolovga bahraynlik Danis Latipov raqiblik qildi. O‘zbekistonlik bokschi raqibini masofada ushlab, zarbalar bilan “siyladi” va hatto 3-raundga kelib Latipov “nokdaun” holatiga tushdi. Jang yakunida hakamlar bir ovozdan Bahodir Jalolovning g‘alabasini qayd etdi.
Shunday qilib, O‘zbekiston jamoasining mundialdagi g‘alabali seriyasi davom etdi. Bugun, 5 may kuni -92 kg da Lazizbek Mullojonov, -57 kg da Abdumalik Xalokov va -80 kg vaznda Jasurbek Yo‘ldoshev O‘zbekiston jamoasining musobaqadagi yurishini davom ettiradi.
LiveBarchasi