Beyonsening filmi rekord o‘rnatdi
Olam
−
06 dekabr 2023
6536Dekabr oyida Amerika kinoteatrlarining kassalari "bo‘shab qolgani"ga qaramay, xonanda Beyonsening “Uyg‘onish davri: Beyonse filmi” gastrol safaridagi konsertlari tasvirlangan film uchun chiptalar rekord darajada sotildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
AMC Theaters kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, uning filmi namoyishi uchun chiptalar umumiy hisobda 21 million dollarga sotilgan. Shu sababli u Shimoliy Amerikada bu borada birinchi o‘rinni egalladi. Inflyatsiyani hisobga olmaganda, bu so‘nggi 20 yil ichidagi konsertlar filmiga aloqador eng yuqori daromad ko‘rsatkichidir.
Beyonsening ushbu filmi AQSH va Kanadadagi 2 ming 539 teatrda, shuningdek, dunyo bo‘ylab 2 ming 621 ta teatrda debyut qilindi. Film xalqaro namoyishlarning o‘zidan 6,4 million dollar foyda ko‘rgan.
Ma’lumot uchun, Beyonsening “Uyg‘onish” gastroli joriy yilning may oyida Shvetsiyaning Stokgolm shahrida boshlangan va kuzda Kanzas-Sitida (Missuri shtati) yakunlangan. U ushbu tur doirasida 39 shaharda 56 konsert qo‘ydi va 500 million dollardan ko‘proq daromad oldi. Ushbu shou-dasturlari butun dunyo bo‘ylab 2,7 milliondan ortiq tomoshabinlarni o‘ziga jalb qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Teylor Svift va Beyonsening gastrollari Amerika shaharlariga katta foyda keltirayotgani aytilgandi.
LiveBarchasi