Besh davlat AQSHga afg‘on qochqinlari masalasida yordam taklif qildi
Olam
−
20 avgust 2021
7620Albaniya, Uganda, Meksika, Kanada va Chili o‘ziga yordam bergan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilayotgan AQSHga yordam taklif qildi. Ular afg‘on qochqinlarini o‘z hududida vaqtincha joylashtirish taklifini bildirdi. Bu haqda kecha, 19 avgust kuni AQSH Davlat departamenti Matbuot xizmati rahbari Ned Prays jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Albaniya hamda Kanada rasmiy Vashington Qobuldan evakuatsiya qilayotgan va AQSHga kirish uchun viza kutayotgan afg‘onlarni o‘z hududiga joylashtirish taklifini bergan. Bungacha Qatar va Quvayt shunday yordam ko‘rsatishini aytgandi.
“Biz, shuningdek, vaqtinchalik evakuatsiya qilinayotgan Afg‘oniston fuqarolariga mezbonlik qilish taklifini bildirgani uchun Ugandaga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz”, deydi Prays. Uning qo‘shimcha qilishicha, Meksika va Chili ham afg‘onlarga yordam bermoqchi ekanini ma’lum qilgan.
Praysning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti Amerika harbiylariga yordam bergan afg‘onlarni “Tolibon” ta’qib qilayotgani haqidagi xabarlarni ko‘rgan, biroq ular o‘z tasdig‘ini topmagan.
“Men hisobotlarni ko‘rganman, biroq bunday ma’lumotlarni tasdiqlay olmayman”, deydi AQSH Davlat departamenti vakili.
LiveBarchasi