Bernem Ukrainada mahalliy harbiy bilan birga gitara chaldi (video)

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem Ukrainaga tashrifi chog‘ida Kiyevda Rossiya zarbasi natijasida vayron bo‘lgan savdo markaziga bordi va ukrainalik harbiy bilan birga gitara chaldi. U Buyuk Britaniya Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi. Bu haqda AFP xabar berdi.

Avvalroq, xabar berilganidek, Bernem kecha, 24 avgust – Ukraina Mustaqilligi kuni munosabati bilan Kiyevga borgandi va Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi ittifoqchilar uchrashuvida ishtirok etgandi. Bu uning o‘tgan oy Bosh vazir lavozimiga kirishganidan keyingi birinchi xorijiy tashrifi bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh vazir Kiyevda ukrainalik harbiy yonida gitara chalib, musiqa Ukraina frontidagi harbiylarning ruhini ko‘tarishi mumkinligini aytgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u “The Smiths” rok guruhining qo‘shig‘idan parcha ijro etgan.

Bildirilishicha, Bernem Rossiyaning may oyidagi zarbasi natijasida vayron bo‘lgan Kiyevdagi savdo markaziga ham borgan. U yerda mahalliy aholi bilan muloqot qilib, ular bilan suratga tushgan.

Qayd etish joiz, Ukrainadagi urush joriy yilda yanada kuchaygan. Rossiya hujumlarini kuchaytirgani ortidan tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar soni 2022 yildagi bosqinning dastlabki oylaridan beri eng yuqori darajaga yetgan.

Shuningdek, Bernem Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvida Buyuk Britaniya Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlagan va urushni ittifoqchilarning natsistlar Germaniyasiga qarshi kurashiga qiyoslagan. Rossiya tomoni esa Britaniyani Ukrainaga raketa texnologiyalarini yetkazib berish orqali urushni uzaytirishda ayblagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing