Bernemning ilk xorijiy tashrifi manzili ma’lum bo‘ldi
Olam
−
12:52 1364 2 daqiqa
Bugun, 24 avgust kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem lavozimiga kirishganidan keyingi ilk xorijiy tashrifi doirasida Ukrainaga boradi. Tashrif davomida u Kiyevning uzoq masofali raketalar ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga yordam beradigan Britaniya ko‘magini e’lon qilishi kutilmoqda. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bernem Ukrainada “Irodalilar koalitsiyasi” deb ataluvchi, Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar guruhi yig‘ilishiga hamraislik qiladi. Shuningdek, u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi.
Britaniya hukumatining ma’lumotiga ko‘ra, London Yevropaning raketa ishlab chiqaruvchi kompaniyasi MBDA’ga Britaniyada ishlab chiqarilgan va SCALP uzoq masofali qanotli raketasida qo‘llaniladigan qismlarga oid maxfiy ma’lumotlarni taqdim etishga ruxsat beradi.
Bu qaror Fransiya va Ukrainaga SCALP raketalarini mahalliy sharoitda yig‘ish liniyalarini tashkil etish imkonini beradi. Mazkur raketa Britaniya va Fransiya texnologiyalaridan foydalanadi.
Britaniya Bosh vaziri Ukraina xavfsizligi mamlakat xavfsizligi bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
“Ukrainaning xavfsizligi – bizning xavfsizligimiz. Britaniya Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Bernem.
Buyuk Britaniya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Kiyevning asosiy harbiy va siyosiy tarafdorlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
London Ukrainaga harbiy texnika, iqtisodiy yordam va diplomatik ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakat Rossiya bosqinidan keyin Ukrainaga G‘arbda ishlab chiqarilgan jangovar tanklar va uzoq masofali qanotli raketalarni yetkazib berish rejalarini birinchilardan bo‘lib e’lon qilgan.
Britaniya hukumati Ukrainaga harbiy va fuqarolik yordami uchun jami 25 milliard funt sterlingdan ortiq mablag‘ ajratishni va’da qilgan. Endi Bernemning Kiyevga tashrifi esa Britaniya yangi hukumati davrida ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash siyosati davom etishidan dalolat beradi.
Bernemning Ukrainaga tashrifi Rossiya Britaniyani Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etayotgani sababli “oqibatlar” bilan ogohlantirganidan bir hafta o‘tib amalga oshmoqda. Moskva Londonni urushdagi ishtirokini chuqurlashtirayotganlikda ayblagan. Bunga Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlar ilk bor Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalarda qo‘llanilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
Shunga qaramay, Britaniya hukumati Ukraina xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy iyul oyi oxirida Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgan edi.
Live
Barchasi