Berbok Germaniyaning mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishga chaqirdi
Olam
−
11 noyabr
1846Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok mudofaaga ko‘proq pul sarflash kerakligini aytdi. Bu haqda u “Suddeutsche Zeitung” gazetasi konferensiyasida so‘z ochdi.
“Ikki foizli maqsad, ya’ni Germaniyaning mudofaa ehtiyojlari uchun YAIMning ikki foiziga teng miqdorni sarflash majburiyati endi yetarli bo‘lmaydi”, dedi Berbok.
Vazir Donal’d Tramp AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin mudofaa xarajatlarining oshishi transatlantik munosabatlar uchun ko‘prik bo‘lishini eslatib o‘tdi.
“Bundan tashqari, mudofaa byudjetining ko‘payishi Germaniya xavfsizligi manfaatlariga javob beradi va NATOning Yevropa tarkibiy qismini mustahkamlaydi”, deydi u.
Berbok, shuningdek, Rossiya hujumiga uchragan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda hal qiluvchi bosqichni e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq byudjet mablag‘lari kerak.
“Yevropa ham havo maydonini himoya qilish uchun mudofaa kuchini oshirishi kerak”, deydi Berbok.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda vazifalarni ajratish va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar armiyalarining imkoniyatlarini birlashtirish kerak.
Germaniya TIV rahbari AQSH ma’muriyati bu masalada Yevropaning ishonchli hamkori bo‘lib qolishiga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainaga to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri sakkizinchi tashrifi chog‘ida bu mamlakatga kelayotgan qish davri uchun qo‘shimcha 200 million yevro yordam va’da qilgandi. Qayd etilishicha, qo‘shimcha insonparvarlik yordami Ukraina energetika sohasini qo‘llab-quvvatlashga emas, balki aholiga qishki favqulodda yordam choralariga qaratilgan bo‘ladi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi