Beradigan qo‘l bo‘lmasa, oladigan qo‘l ham bo‘lmaydi — Toshqulov

Jamiyat

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov universitetlar faoliyatida hali ham korrupsion holatlar mavjud ekanligini tan oldi. Vazirning aytishicha O‘zbekiston Prezidenti poraxo‘rlik mavjud bo‘lgan ikki sohani: qurilish va oliy ta’limni yonma-yon qo‘yib, shu sohalarni korrupsiyadan holi sohaga aylantirish kerakligi ta’kidlagan. Bu haqda vazir 2021/2022 o‘quv yilida OTMlarga qabul parametrlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

“Men oliy ta’limda korrupsiya yo‘q, deya olmayman. Agar poraxo‘rlik bo‘lmaganda Prezidentimiz qurilishni va oliy ta’lim sohasini korrupsiyadan holi soha qilamiz deb aytmasdi. Qurilishga yaqin aytilganining o‘zi biz uchun uyat. Aslida, oliy ta’lim barcha yo‘nalishga o‘rnak bo‘lishi kerak. Lekin, ming afsuski, bu yo‘nalishdagi korrupsiya nafaqat mustaqillikdan keyin, balki Sobiq ittifoq davrida ham mavjud edi. Bu narsa qon-qonga singib, bugungacha yetib keldi. Ammo ayni damda barcha harakatlarimiz buning oldini olishga qaratilgan”, deydi Toshqulov.

Vazir so‘zida davom etarkan, qars ikki qo‘ldan chiqishini, agar talaba astoydil o‘qisa va bahosini o‘z kuchi bilan olsa, hech qanday poraga hojat qolmasligini ta’kidladi. Toshqulov anjuman davomida aynan OTMlardagi poraxo‘rlik haqida gapirar ekan, bu jarayonda ikki tomon ham birdek aybdor ekanini, beradigan qo‘l bo‘lmasa, oladigan qo‘l ham bo‘lmasligini aytdi .

“Bir kunda test bo‘ladigan kunlarni eslang. O‘zbekiston bo‘yicha 1 million odam imtihon topshiradi. Qayerda tartibsizlik bo‘lsa, o‘sha yerda barcha ishni qilib olish mumkin. Qayerda jarayon bemalol bo‘lsa, o‘sha yerda shaffof o‘tadi. Korrupsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bu kabi holatlar qisqartirilyapti va bundan keyin ham shunga harakat qilamiz”, deydi Abduqodir Toshqulov.

Eslatib o‘tamiz, mazkur anjuman davomida O‘zbekistonda joriy yildagi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun 30 mlrd so‘m atrofida mablag‘ sarflanishi haqida ma’lum qilindi. 

Davlat test markazi direktori Majid Karimov esa mazkur imtihonlar uchun ikki ssenariyda tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

109

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing