“Benfika” – “Real Madrid” uchrashuvidagi voqea yuzasidan tekshiruv boshlandi
Sport
−
11:55 2322 1 daqiqa
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasida o‘tkazilgan “Benfika” – “Real Madrid” (0:1) uchrashuvida sodir bo‘lgan holat yuzasidan intizomiy tergov boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bu tekshiruv Vinisius Juniorga qaratilgan irqchilik haqoratlari haqidagi ayblovlar bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. UEFA voqeaga aloqador barcha shaxslarni so‘roq qilmoqchi. Jumladan, o‘yindan so‘ng Lissabon jamoasi yarim himoyachisi Janluka Prestianniga nisbatan irqchilik so‘zlari aytilganini ochiq e’lon qilgan Kilian Mbappe ham tinglanishi mumkin. Dalillar yetarli bo‘lmagan taqdirda, hech qanday sanksiya qo‘llanilmasligi ta’kidlangan.
Lissabonda o‘tgan uchrashuv Madrid klubining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Yagona golni Vinisius Junior kiritdi. Ikkinchi bo‘limda braziliyalik futbolchi hakam Fransua Leteksega murojaat qilib, irqchilik haqoratiga uchraganini ma’lum qilgandan so‘ng o‘yin qariyb to‘qqiz daqiqaga to‘xtatildi.
Ma’lumot uchun, ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi joriy yilning 25 fevral kuni Madrid shahridagi “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi