Belarusda KXSHTning strategik mashg‘ulotlari boshlandi

Olam

image

Belarusda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) jamoaviy kuchlarining “Jangovar birodarlik-2023” operativ-strategik mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda “Belta” xabar berdi.

Bugun, 1 sentyabr kuni Brest qal’asida KXSHT o‘quv mashg‘ulotlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Unda KXSHT Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov, KXSHT Birlashgan shtab boshlig‘i general-polkovnik Anatoliy Sidorov, Belarus Qurolli Kuchlari Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Viktor Gulevich ishtirok etgan. 

Mashg‘ulotlar Belarus hududida birinchi sentyabrdan 6 sentyabrgacha o‘tkaziladi. Tadbirlar oltita harbiy poligon – Brest, Domanovskiy, Obuz-Lesnovskiy (Brest viloyati), Gojskiy, Chepelevo (Grodno viloyati) va Lesishche (Minsk viloyati)da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, beshta qo‘shma va maxsus mashqlar rejalashtirilgan. “Jangovar birodarlik – 2023” manyovrlarining asosiy maqsadi qo‘shma operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida qo‘mondonlik hamda nazorat organlari ishini muvofiqlashtirish va uyg‘unlikni takomillashtirishdan iborat.

Ma’lum qilinishicha, mashg‘ulotlarda jami 2,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va 500 dan ortiq qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika ishtirok etadi.

Litva va Polsha chegaralari yaqinida KXSHT mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi G‘arbda xavotir uyg‘otgan. Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko G‘arb ularni qandaydir maxsus signal deb hisoblamasligi kerakligini aytgan. Shuningdek, Lukashenko Minsk qo‘shni davlatlarni Belarus hududida mashg‘ulotlar o‘tkazish haqida oldindan ogohlantirganini bir necha bor ta’kidlagan.

Avgust oyi oxirida Belarus Mudofaa vazirligining xalqaro harbiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Valeriy Revenko Minsk 2011 yilda ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash chora-tadbirlari bo‘yicha Vena hujjati doirasida YeXHTga a’zo davlatlarni yaqinlashib kelayotgan mashqlardan xabardor qilganini aytgan.

Shu kungacha Litva va Polsha o‘z kuzatuvchilarini “Jangovar birodarlik 2023”ga yuborish taklifiga javob bermagan. O‘z navbatida, KXSHT kuzatuvchi sifatida tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar: Eron, Xitoy, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni vakillarini taklif qilgan.

Ma’lumot uchun, “Jangovar birodarlik” turkumidagi ilk mashg‘ulotlar 2017 yil oktyabr oyida Rossiya, Armaniston va Qozog‘iston hududida bo‘lib o‘tgan. KXSHTning bu galgi mashg‘ulotlarida Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston harbiylari ishtirok etadi. Tashkilotga a’zo Armaniston harbiylari esa mashg‘ulotlarda qatnashmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' KXShT Jangovar birodarlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing