Belarus harbiylari tayyorgarlikdan o‘tish uchun Rossiyaga yuborildi
Olam
−
20 Oktabr
3719Belarus Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari Rossiya jangovar tayyorgarlik markazlaridan biriga harbiy ta’lim olish uchun yuborildi. Bu haqda respublika Mudofaa vazirligining Telegram-kanalida xabar berildi.
“Biz Rossiya Qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarlik markazlari negizida harbiy xizmatchilarimiz bilan rejalashtirilgan qo‘shma tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz”, deydi Belarus Qurolli kuchlari Bosh jangovar tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Vladimir Beliy.
Mudofaa vazirligining xabar berishicha, harbiylar Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan qo‘llaniladigan qo‘shinlarni tayyorlashning ilg‘or usullarini o‘zlashtiradilar, so‘ngra ularni Belarus bo‘linmalarini tayyorlash amaliyotiga kiritadilar.
Joriy yilning yanvar oyida Belarus Mudofaa vazirligi matbuot xizmati o‘z harbiylarini Rossiyaga malaka oshirish uchun jo‘natish rejasini ma’lum qilgan edi. Rejada keltirilishicha, asosiy e’tibor Rossiya armiyasining Ukrainadagi harbiy amaliyotlar davomida to‘plagan tajribasini o‘zlashtirishga qaratiladi. May oyida Rossiya va Belarus qo‘shinlari ham qo‘shma yadroviy mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi.
16 oktyabr kuni Belarus Mudofaa vazirligi Bosh shtab boshlig‘i, mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Pavel Muraveyko boshchiligida shimoli-g‘arbiy operativ qo‘mondonlik tekshiruvi boshlangani e’lon qilingandi.
19 oktyabr kuni Rossiya TIVning MDH mamlakatlari ikkinchi departamenti direktori Aleksey Poliuk Ittifoq davlati Oliy Davlat kengashining yubiley yig‘ilishida Belarus bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv ishlarini yakunlash rejalarini ma’lum qildi.
Rossiya va Belarus KXSHT (Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti) bo‘yicha ittifoqchi hisoblanadi va mamlakatlar 1999 yildan beri Ittifoq davlatini yaratish bo‘yicha kelishuvga ega. Tomonlar muntazam ravishda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib turadi. 2016 yil oxiridan beri Rossiya va Belarusning yagona havo mudofaa tizimi ishlamoqda. Bundan tashqari, 2023 yildan beri Rossiyaning taktik yadro qurollari Belarus hududida joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya davlat telekanaliga bergan intervyusida mamlakat harbiylari armiyaning deyarli uchdan bir qismini Ukraina bilan chegaraga o‘tkazganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Belarus qo‘shinlari Rossiya qo‘shinlari bilan birgalikda Gomeldan Ukrainaga hujum qilishi mumkinligidan qo‘rqib, chegaraga qo‘shimcha bo‘linmalarni yuborgan. Chegaraning ikkala tomonida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshida u yerga ko‘chirilgan bo‘linmalar saqlanib qolgan.
LiveBarchasi