Belgiyada Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi
Olam
−
26 fevral 2023
4719Kecha, 25 fevral kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ommaviy miting Ukrainaning “Promote Ukraine” jamoat tashkiloti, Belgiyadagi ukrainalik ayollar ittifoqi va Ukraina bilan Yevropa birdamlik tarmog‘ining Belgiyadagi qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan.
Namoyish tashkilotchilariga ko‘ra, mitingda 10 mingga yaqin shaxs qatnashgan. “The Brussels Times” nashri esa 5000 ga yaqin kishi qatnashganini ma’lum qilgan.
Shu kuni yomg‘ir va do‘l yog‘ishiga qaramay, namoyishchilar Bryusselning Yevropa kvartali (u yerda Yevropa Komissiyasi, Kengashi va Parlamenti shtab-kvartirasi joylashgan) ga taxminan uch kilometr yo‘l bosib o‘tgan.
Namoyish ishtirokchilarining ko‘pchiligi “Ukraina g‘alaba qozondi – demokratiya g‘alaba qozondi”, “Putinni to‘xtating, urushni to‘xtating” degan yozuvlar qayd etilgan bannerlarni ko‘tarib olgan.
Shuningdek, ular Ukraina madhiyasi va ukrain xalq qo‘shiqlarini kuylagan.
"Bosqin allaqachon o‘n minglab Ukraina fuqarolarining hayotiga zomin bo‘ldi. Ukraina xalqi har kuni shafqatsizlik va zo‘ravonlikka duch kelmoqda. Millionlab fuqarolar chet elga qochishga, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Butun shahar va qishloqlar Rossiyaning bombardimonlari va havo hujumlari oqibatida vayronalarga aylangan”, deydi “Promote Ukraine” asoschisi Marta Barandiy.
LiveBarchasi