Belgiyada poyezd va mikroavtobus to‘qnashdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Belgiya shimolidagi Flandriya hududida joylashgan Buggenhaut shahri yaqinidagi temir yo‘l kesishmasida maktab mikroavtobusi poyezd bilan to‘qnashib ketishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, ikki nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Belgiya Transport vaziri Jan-Lyuk Kryuk ma’lum qildi.

Falokat bugun, 26 may kuni ertalab soat 08:00 da sodir bo‘lgan. Mikroavtobus Bryusseldan taxminan 22 kilometr shimolda joylashgan Buggenhaut tomon harakatlanayotgan poyezd bilan to‘qnashgan.

Jan-Lyuk Kryukning ma’lum qilishicha, qurbonlar orasida 12 va 15 yoshli ikki o‘quvchi, 27 yoshli kuzatuvchi hamda 49 yoshli haydovchi bor. Yana besh nafar bola og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mikroavtobus tushirilgan to‘siq va qizil ogohlantiruvchi chiroqlarga qaramasdan temir yo‘ldan o‘tishga uringan. Poyezd haydovchisi favqulodda tormozni ishga tushirgan, ammo to‘qnashuvning oldini olishga ulgurmagan. Zarba kuchli bo‘lgani sababli mikroavtobus yo‘l chetidagi uy hovlisigacha otilib ketgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda ag‘darilgan oq mikroavtobus, tez yordam mashinalari va qutqaruv vertolyoti ko‘ringan.

Poyezdda taxminan 100 yo‘lovchi bo‘lgan, ularning hech biri jabrlanmagan. Faqat bir yo‘lovchi kuchli ruhiy shok holatiga tushgan. Barcha yo‘lovchilar keyinchalik mahalliy yong‘in xizmati binosiga evakuatsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandada yo‘lda ketayotgan mikroavtobus fil bilan to‘qnashib ketishi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

poezd mikroavtobus Bel'giya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing