Belgiya “Tolibon” vakillariga viza berdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Belgiya “Tolibon” harakatining besh nafar vakiliga viza berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ular Yevropa Ittifoqi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bryusselga taklif qilingan.

Belgiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Odri Jakening so‘zlariga ko‘ra, gap faqat Belgiya hududida amal qiluvchi va bir kunlik muddatga berilgan vizalar haqida ketmoqda. Xavfsizlik nuqtai nazaridan “Tolibon” vakillarining Bryusselga qachon kelishi ochiqlanmagan.

Yevropa Ittifoqidagi ikki manbaning xabar berishicha, “Tolibon” delegatsiyasi bugun, 23 iyun kuni Bryusselga yetib borishi kutilmoqda.

Joriy yilning may oyida Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston fuqarolarini o‘z vataniga qaytarish masalasini texnik darajada muhokama qilish uchun “Tolibon” vakillarini Bryusselga taklif qilgandi. Xususan, Yevropa davlatlarida yashash huquqiga ega bo‘lmagan va xavfsizlikka tahdid soluvchi afg‘onlarni qaytarish masalasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

“Eurostat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2013–2024 yillar oralig‘ida Afg‘oniston fuqarolari Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 1 milliondan ortiq boshpana so‘rovi bilan murojaat qilgan. Ularning qariyb yarmi qanoatlantirilgan. 2025 yilda ham afg‘onlar Yevropa Ittifoqida eng ko‘p boshpana so‘ragan millat bo‘lib qolmoqda.

“Tolibon” 2021 yil avgustida hokimiyatni egallaganiga qaramay, Yevropa Ittifoqining qariyb 20 davlati afg‘onlarni vatanga deportatsiya qilish amaliyotini davom ettirmoqda. Ko‘plab huquq himoyasi tashkilotlari bu amaliyotni tanqid qilib keladi. Ularning fikricha, deportatsiya qilingan shaxslar ta’qib, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va qiynoqlarga duch kelishi mumkin. Bu xavf ayniqsa ayollar, jurnalistlar, sobiq davlat xizmatchilari va faollar uchun yuqori hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda guruh a’zolari va hukumat xodimlari uchun smartfonlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha yangi og‘zaki buyruq bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

viza Tolibon Bel'giya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing