Bekmurod Abdullayevga oid yirik korrupsiya ishi sudiga jurnalistlar kiritilmadi

3-sahifa

image

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov hamda yana 28 kishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisiga jurnalistlar kiritilmadi. Bu haqda sud majlisi bo‘lib o‘tayotgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi. 

Gap shundaki, sobiq mulozimlar Bekmurod Abdullayev, Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqilishi bugun, 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudiga belgilangan edi. Biroq, sud majlisi oxirgi daqiqalarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga ko‘chirildi, bu haqda avvaldan ogohlantirish berilmadi. 

Yangihayot sudidan bazo‘r Yunusobod tumani sudiga yetib borgan jurnalistlar Sanjar Maxametov raisligida o‘tayotgan sud majlisiga kiritilmagan. Bunga vaj sifatida sud yopiq tarzda o‘tkazilayotgani keltirilgan. 

QALAMPIR.UZ qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, ish hamon Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudi yurituvida qolmoqda. Faqat javobgarlikka tortilganlar, guvohlar va ayblanuvchilarning qarindoshlari ko‘pligi inobatga olinib, kattaroq zalga ega bo‘lgan bino – Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga ko‘chirilgan. 

Ma’lumot uchun, sud hujjatlariga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)  3-qismi “a”, “b” va “g” bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

Mazkur jinoyat ishi doirasida jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ularning aksariyati Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.

Ilova qilingan sud ro‘yxatiga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida sobiq mansabdorlar Hoshim Yo‘ldoshev, Jahongir Qurbonov, Dilshod Tashev va Rustam Tursunov ham bor. Ularga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, shuningdek ayrim holatlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi moddalar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatildi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing