Behruz Karimov jamoasi “Xetafe”ni yirik hisobda mag‘lub etdi
Sport
−
11:25 427 1 daqiqa
Kecha, 22 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov to‘p surayotgan Shveysariyaning “Lugano” klubi Konferensiyalar ligasi umumiy bosqichining ikkinchi turida Ispaniyaning “Xetafe” jamoasini mag‘lub etdi. Uchrashuv mehmonlarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisobni ikkinchi daqiqada Ivan Asson ochdi. Biroq oradan bir daqiqa o‘tib, Albian Ajeti muvozanatni tikladi. Yettinchi daqiqada Yanis Siminyani “Lugano”ni oldinga olib chiqdi, 26-daqiqada esa Ajeti dubl qayd etib, jamoasining ustunligini oshirdi.
Ikkinchi bo‘limda, 50-daqiqada Uran Bislimi shveysariyaliklarning to‘rtinchi golini urdi. 74-daqiqada Borxa Mayoral “Xetafe”ning farqni qisqartirishiga erishdi. Biroq ispanlar mag‘lubiyatdan qochib qutula olmadi. Qo‘shib berilgan vaqtning ikkinchi daqiqasida Kevin Berens “Lugano”ning beshinchi golini kiritib, yakuniy hisobni o‘rnatdi. Behruz Karimov uchrashuvning 75-daqiqasida maydonga tushdi va bahs oxirigacha harakat qildi.
Ikki turdan keyin “Lugano” olti ochko jamg‘arib, umumiy bosqich turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bir ochkoga ega “Xetafe” esa 23-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, keyingi turda “Lugano” Litvaning “Kauno Jalgiris” klubini qabul qiladi. Uchrashuv joriy yilning 6 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da boshlanadi.
Live
Barchasi