Baydenning maslahatchisi ukrainaliklarga “bir qop va’da” berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga bordi. Bu haqda “RBK-Ukraina” xabar berdi.

Jeyk Sallivan AQSH Vakillar palatasida to‘xtab qolgan qonun loyihasi ikki partiyaviy ma’qullanishiga ishonch bildirgan, ammo bu qachon sodir bo‘lishini ochiqlamagan.

“Aytganimdek, Vakillar palatasi Ukrainaga yordam paketi bo‘yicha ovoz berganda, biz kuchli ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lishimizga ishonchim komil. Shuning uchun, men bugun B rejasi haqida gaplashmasligimiz kerak, deb o‘ylamayman”, deydi Sallivan.

Shuningdek, Baydenning maslahatchisi Ukrainaga yordamni tasdiqlash masalasi juda uzoq davom etganini tan olgan.

“Men bu aniq qachon amalga oshirilishi haqida hech qanday bashorat qilmayman, lekin biz buni imkon qadar tezroq amalga oshirish uchun harakat qilmoqdamiz va Prezident Bayden buning ustida har kuni ishlamoqda. Lekin bugun aniq prognoz ayta olmayman”, deydi u.

Sallivanning fikricha, Rossiya Ukraina bilan urushda allaqachon mag‘lub bo‘lgan.

“Rossiya nima qilmoqchi edi? Ukrainani xaritadan o‘chirib, ukrainalik g‘oyasini tarixdan yo‘qotmoqchi edi. Bu allaqachon muvaffaqiyatsiz bo‘ldi", deydi Sallivan.

Shu bilan birga, u ukrainaliklarni AQSHga ishonishda davom etishga chaqirgan.

“Urushning boshidanoq biz sizning yoningizda turdik. Biz katta yordam berdik va buni har kuni biz uchun mavjud bo‘lgan barcha yo‘llar bilan amalga oshirishda davom etamiz”, deydi maslahatchi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Jeyk Sallivan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing