Bayden va Shols Ukrainaga yordamni to‘xtatmaslikka va’da berdi
Olam
−
18 Oktabr
2056Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarni hal qilishda ikki davlat o‘rtasida yaqin hamkorlik borligini tasdiqladi. Bu haqda ular bugun, 18 oktyabr kuni Berlinda muzokaralar oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
"Bizni qiyin qish kutib turibdi va biz bo‘shashmasligimiz, charchamasligimiz kerak", dedi Bayden.
U Shols va Germaniya hukumatiga Ukraina Rossiya boshlagan urushda g‘alaba qozonishi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mag‘lub bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha o‘zlarining "tinimsiz" ishlari uchun minnatdorlik bildirdi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, "Ukraina adolatli va barqaror tinchlik topmaguncha", uni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish kerak.
“Garchi bu G‘arb ittifoqchilari uchun katta xarajat bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, bu tajovuz hukmron bo‘lgan, yirik davlatlar qo‘lidan kelgani uchun hujum qilib, kichikroq davlatlarni qo‘rqitadigan dunyoda yashash narxiga nisbatan pastroq”, dedi Prezident.
O‘z navbatida, kansler Shols Germaniya Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
“Putin xato hisobladi. U bu urushda omon qololmaydi”, dedi Shols.
Shu bilan birga, u "bu urush bundan ham katta falokatga aylanib qolmasligi uchun" NATOni mojaroda bevosita ishtirok etishdan ogohlantirdi. Shols, shuningdek, Baydenga Vashington va Berlin o‘rtasidagi "juda qiyin paytlarda" "yaqin va ishonchli" munosabatlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida
Germaniya va AQSH yetakchilari Isroil harbiylarining G‘azo sektorida o‘tkazgan operatsiyasi chog‘ida HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilgani haqidagi xabarni olqishladi. Bayden buni "adolat lahzasi" deb atadi va Sinvarning qo‘lida "isroilliklar, falastinliklar, amerikaliklar, nemislar va boshqalarning qoni" borligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni ushbu daqiqadan “HAMASsiz G‘azo sektorida tinchlikka erishish, yaxshi kelajakka erishish uchun imkoniyat” sifatida foydalanishga chaqirgan.
Shols, shuningdek, "endi o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azodagi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun aniq istiqbollar ochilishiga" umid bildirdi.
“Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Buni juda aniq aytish men uchun muhim. Biz Isroil bilan birgamiz”, dedi Germaniya hukumati rahbari.
LiveBarchasi