Bayden va Harris yordamchilari saylovdagi mag‘lubiyatda bir-birini ayblayapti
Olam
−
08 noyabr
7062Amaldagi AQSH Prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harris yordamchilari saylovlardagi demokratlarning mag‘lubiyatida bir-birini ayblayapti. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Trampning ishonchli g‘alabasidan so‘ng demokratlar ikki lageridagi yordamchilar mag‘lubiyatga bir-birini javobgar deb bilmoqda. Manbalardan birining ta’kidlashicha, tanqid asosan Baydenning asosiy yordamchilari Mayk Donilon va Stiv Rikettiga qaratilmoqda. Unga ko‘ra, ushbu ikki yordamchilar shu oy 81 yoshga to‘ladigan Baydenning qayta saylanishga harakat qilish bo‘yicha qarori uchun “ko‘p narsalarga javob berishi kerak” bo‘ladi.
Qayd etilishicha, 107 kun davom etgan Harrisning kampaniyasi deyarli mukammal bo‘lgan. Baydenniki esa buning aksini ko‘rsatgan.
Nashr, shuningdek, Bayden shtabidagi sobiq xodimning fikrini keltirgan. U Harris yordamchilarining saylovoldi tashviqoti uchun yig‘ilgan mablag‘larni samarasiz sarflashiga e’tibor qaratgan.
“Qanday qilib 1 milliard dollar sarflab, g‘alaba qozonmaslik mumkin?” deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda sobiq prezident Donald Tramp g‘alaba qozondi. Prognozlarga ko‘ra, Tramp 67 mln 941 ming 98 ovozlar soni bilan 51,2 foizga ega bo‘lgan. Kamola Harrisga esa 62 mln 901 ming 682 ta ovoz berilgan, bu 47,4 foizni tashkil etgan.
LiveBarchasi