Bayden Ukrainaga kelishi haqida Putinni ogohlantirganmi?
Olam
−
20 fevral 2023 15952 2 daqiqa
AQSH ma’muriyati Rossiyani Prezident Jo Baydenning Kiyevga safari haqida u Amerika poytaxtidan ketishidan bir necha soat oldin xabardor qilgan. Bu haqda bugun, 20 fevral kuni jurnalistlarga Amerika yetakchisining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
“Biz Rossiyani Prezident Bayden Kiyevga borishi haqida xabardor qildik. Buni u ketishidan bir necha soat oldin [potensial] mojaroli vaziyatni bartaraf etish uchun qildik”, deydi Sallivan.
U Moskva bu xabarga qanday munosabat bildirganiga aniqlik kiritmagan.
Unga ko‘ra, Prezident Kiyevga tashrif buyurish haqidagi yakuniy qarorni 17 fevral kuni o‘z yordamchilari bilan uchrashuvdan so‘ng qabul qilgan. Bir necha oy davomida uning maslahatchilari va Pentagon va razvedka xizmatlarining bir nechta xodimlari tashrifni tayyorlash bilan shug‘ullangan. Bayden tashrifga tayyorgarlik, jumladan [mumkin] tahdidlarni baholash haqida muntazam ma’lumot olgan.
“Bu hozirgi zamonda misli ko‘rilmagan tarixiy tashrif. Chunki AQSH Prezidenti bizning harbiy xizmatchilarimiz muhim infratuzilmani nazorat qilmaydigan urushayotgan mamlakat poytaxtiga boryapti”, deydi Sallivan.
Uning ta’kidlashicha, Amerika Prezidenti bilan Ukrainaga faqat bir nechta eng yaqin yordamchilari, tibbiyot xodimlari va qo‘riqchilar borgan. Sallivanning ta’kidlashicha, o‘z tashrifi bilan Vashington ma’muriyati rahbari AQSHning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi haqida aniq va shubhasiz signal berishni xohlagan.
Amerika yetakchisi yordamchisining aytishicha, Bayden va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Ukrainaning energetika va infratuzilma sohalaridagi muammolari, mamlakatga iqtisodiy yordam ko‘rsatish, insonparvarlik ehtiyojlari hamda BMT Bosh Assambleyasining 22 fevral kuni o‘z ishini davom ettiradigan Ukraina masalasi bo‘yicha maxsus sessiyasini muhokama qilgan.
Baydenning oldindan rasman e’lon bermay Kiyevga kelishi, uning AQSH prezidenti etib saylanganidan beri Ukrainaga ilk tashrifidir. Bayden Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam o‘tkazilishini e’lon qildi. U poytaxtda taxminan besh soat vaqt o‘tkazdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr