Bayden Ukrainaga 400 kilometrga uchadigan raketalar berishga rozi bo‘ldi – “Politico”
Olam
−
16 avgust
4006AQSH Prezidenti Jo Bayden Kiyevga taqdim etilgan F-16 samolyotlaridan uzoq masofaga uchirish mumkin bo‘lgan, qo‘shma “havo-yer” qanotli raketalarini (JASSM) Ukrainaga o‘tkazishga rozi. Bu haqda “Politico” xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, arsenalda bunday raketalarning mavjudligi Ukraina harbiylariga 400 kilometrga yaqin masofadagi nishonlarga zarba berish imkonini yaratadi. Oq uyning Kiyevga JASSM berishga tayyor bo‘lishi Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi muvaffaqiyatli operatsiyasi fonida sodir bo‘ldi. Bu vaziyat Rossiya armiyasining bir qismini Ukrainadan olib chiqishga majbur qildi.
Ushbu raketalarni yetkazib berish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan, biroq Bayden ma’muriyati rasmiylaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Oq uy hozir bu masalaning “murakkab tafsilotlarini” ishlab chiqmoqda. Nashrning ikki manbasi Pentagon Ukraina tomoni bilan ushbu texnik masalalar bo‘yicha allaqachon ish boshlagani haqida xabar berdi.
Amerika harbiy idorasining o‘zi JASSM Ukrainaga yetkazilishi mumkinligi haqida izoh bermadi va faqatgina “Ukrainaning xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish uchun bir qator variantlarni” ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Aprel oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 61 milliard dollar miqdorida favqulodda yordam ajratish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi. Kiyev uzoq masofali ATACMS raketalarini ham so‘ragan. Biroq bu raketalarning maksimal parvoz masofasi 300 km. Agar Ukraina Qurolli kuchlari JASSM’ni qabul qilsa, ular ancha uzoqroqda joylashgan Rossiya nishonlariga zarba bera oladi.