Bayden Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berish muddatini uzaytirmoqchi
Olam
−
14 Sentabr
2135AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kongressdan Ukrainaga 5,8 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratish bo‘yicha muddati tugaydigan vakolatni uzaytirishni talab qildi. Bu haqda “The Hill” nashri xabar berdi.
AQSHda joriy moliyaviy yil 30 sentyabrda tugaydi. Shuning uchun Oq uy Kongressga “Prezidentning Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha hisobdan chiqarish vakolatini 2025 yilgacha uzaytirish to‘g‘risida” murojaat qilib, belgilangan sanadan keyin 5,8 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratishni talab qilgan.
Qayd etilishicha, agar qonunchilar buni rad qilsa, Bayden sentyabr oyi oxirigacha ko‘rsatilgan hajmda bir martalik yordam paketini ajratishi mumkin.
13 sentyabr kuni Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder Ukrainaga yordam berish uchun 5,9 milliard dollar qolganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u Prezidentning Ukrainaga qurol yetkazib berish vakolati tugaganidan so‘ng 100 million dollardan tashqari mablag‘lar “kuyib ketishi”ni va Mudofaa vazirligi Kongress bilan Bayden vakolatini joriy moliyaviy yildan keyingi davr uchun ham uzaytirish ustida ishlayotganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga 250 million dollar miqdorida navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qilgan edi.