Bayden Trampga qo‘ng‘iroq qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 16 sentyabr kuni tushdan keyin Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibining katta o‘rinbosari Emili Simons ma’lum qildi.

“Ular samimiy suhbat qurdi va sobiq prezident Tramp Baydenga qo‘ng‘iroq uchun minnatdorchilik bildirdi”, deydi Simons.

Qayd etish joizki, Tramp avvalroq Bayden va vitse-prezident Kamola Harrisni voqea uchun qisman javobgar deb hisoblagandi.

Bayden esa iyul oyi o‘rtalaridan beri Donald Trampga ikkinchi marta suiqasd uyushtirilishi munosabati bilan mamlakatda siyosiy zo‘ravonliklardan ogohlantirdi.

“Men har doim siyosiy zo‘ravonlikni qoralaganman va bundan keyin ham qoralayman. Amerikada biz kelishmovchiliklarimizni qurol bilan emas, balki saylov qutisida tinch yo‘l bilan hal qilamiz. Amerika qotillarning otishmasidan juda ko‘p bora fojialarga duch keldi. Bu hech narsani hal qilmaydi. Bu shunchaki mamlakatni parchalamoqda. Bu voqealarning oldini olish uchun biz qo‘limizdan kelganini qilamiz”, degan Bayden Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda. 

Baydenga ko‘ra, yuqori darajadagi siyosatchilarni himoya qiluvchi Maxfiy xizmat qo‘shimcha yordamga muhtoj.

“Menimcha, agar ular haqiqatan ham ko‘proq xodimlarga muhtoj bo‘lsa, Kongress ularning ehtiyojlariga javob berishi kerak", deya yozgan Oq uy.

Jurnalistning moliyaviy ahvolni yanada yaxshilash yoki xodimlar sonini ko‘paytirish haqida bergan savoliga Bayden AQSH Ichki xavfsizlik departamenti tarkibidagi agentlik hozirda qo‘shimcha xodimlarga ehtiyoj bor-yo‘qligini hal qilayotganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 16 sentyabr kuni Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga “yaqin masofada” o‘q otildi. “New York Post” gazetasi xavfsizlik manbalariga tayanib o‘q faqat AQSH maxfiy xizmati agenti tomonidan otilganini yozdi. Biroq Trampga suiqasd uyushtirishga urinishda gumonlanayotgan shaxs Gavayida yashovchi 58 yoshli Rayan Rut ekanligi ma’lum bo‘ldi. Suiqasd uyushtirishda gumonlanayotgan shaxs o‘qotar qurol saqlashga qo‘yilgan taqiqni buzgani uchun 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi va 500 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Donald Trampga Pensilvaniyadagi tarafdorlari bilan uchrashuv vaqtida noma’lum shaxs tomonidan o‘q uzilib, suiqasd uyushtirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing