Bayden Stoltenbergning o‘rniga Ryutte kelishini xohlaydi – “Politico”
Olam
−
22 fevral
4175AQSH Prezidenti Jo Bayden Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryuttening NATO Bosh kotibi lavozimiga nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Amerika ma’muriyatidagi manbaga tayanib, “Politico” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Amerika yetakchisining qo‘llab-quvvatlashi Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi lavozimiga Ryutte nomzodini qo‘llab-quvvatlovchilar sonining ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Gazetaning ta’kidlashicha, shu kungacha alyans a’zolarining uchdan ikki qismi Niderlandiya Bosh vaziri nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Oldinroq “Welt am Sonntag” gazetasi Yevropa Ittifoqi diplomatik doiralaridagi manbalariga tayanib, Ryutte alyans Bosh kotibi bo‘lish uchun favorit ekani va uni qo‘llab-quvvatlash kuchayib borayotgani haqida xabar bergan. NATOning yuqori martabali diplomatining nashrga aytishicha, shu yilning iyun oyida Yevroparlamentga saylovlar oldidan qaror qabul qilinishi mumkin.
NATOning amaldagi Bosh kotibi Yens Stoltenberg avvalroq, o‘z lavozimida 2024 yil 1 oktyabrgacha qolishini tasdiqlagan edi. Bu qaror o‘tgan yilning 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tgan sammitda tasdiqlangan edi. Ommaviy axborot vositalari, jumladan, britaniyaliklar va amerikaliklar bunga Stoltenbergning vorisi nomzodini aniqlashdagi qiyinchilik sabab bo‘lganiga bir necha bor aniqlik kiritdi. Bosh kotib alyansga a’zo barcha mamlakatlarning konsensusiga asosan tayinlanadi.
LiveBarchasi