Bayden, Shols va Makron Putinning qarorini Minsk kelishuvlariga tupurish deb baholamoqda
Olam
−
22 fevral 2022
7419Qo‘shma Shtatlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar nazorati ostidagi o‘zini noqonuniy deb e’lon qilgan tuzilmalarning “mustaqilligini” tan olish qarorini keskin qoralmoqda.
Prezident Jo Bayden Ukraina Prezident Vladimir Zelenskiy, Fransiya ’Prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan Ukraina chegaralarida keskinlikning kuchayishi munosabati bilan telefon orqali muloqot qildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Oq uy bayonotiga ko‘ra, yetakchilar Putinning qarorini keskin qoralagan va mavjud vaziyatda keyingi qadamlarni muvofiqlashtirishni muhokama qilgan.
Zelenskiy bilan suhbat chog‘ida Bayden AQSHning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
“Prezident Bayden Qo‘shma Shtatlar o‘z ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan keyingi tajovuziga tez va qat’iy javob berishini yana bir bor tasdiqladi”, deyiladi AQSH ma’muriyati bayonotida.
Bayden, Shols va Makron o‘rtasida o‘tgan telefon muloqotida har uch muzokarachi ham Rossiyaning bir tomonlama harakati Minsk kelishuvlarini ochiqdan-ochiq buzish ekanligiga kelishib olingan. Germaniya, Fransiya va AQSH Rossiya Prezidenti [Vladimir Putin] qarorini keskin qoralaydi. Ularning aytishicha, “bu harakat javobsiz qolmaydi”.
"Hamkorlar Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini saqlab qolish bo‘yicha sa’y-harakatlarni zaiflashtirmaslikka kelishib oldilar. Shu bilan birga, ularga ko‘ra, vaziyat yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qilinadi", deyiladi Germaniya Vazirlar Mahkamasi vakili bergan ma’lumotda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
LiveBarchasi