Bayden rossiyalik muxolifatchi Kara-Murza bilan uchrashdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Federatsiyasi bilan keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi va publitsist Vladimir Kara-Murza va uning oilasi bilan uchrashdi. Bu haqda Oq uy rasmiylari xabar berdi.

Oq uy sobiq siyosiy mahbusning AQSH rahbari bilan muloqoti tafsilotlarini ochiqlamadi. 42 yoshli Vladimir Kara-Murza ham Rossiya, ham Britaniya fuqaroligiga ega. Bundan tashqari, Kara-Murza Green Card'ga ega, bu unga Qo‘shma Shtatlarda doimiy yashash huquqini beradi. Ozodlikka chiqqandan so‘ng siyosatchi darhol Germaniyaga olib ketildi. U va boshqa sobiq siyosiy mahbuslarni Kyoln/Bonn aeroportida Germaniya kansleri Olaf Shols kutib oldi.

Vladimir Kara-Murza, shuningdek, ushbu almashinuv doirasida ozod etilgan siyosatchi Ilya Yashin va jamoat arbobi Andrey Pivovarov joriy yilning 2 avgust kuni “Deutsche Welle” tahririyatida jurnalistlar bilan uchrashdi.

Ushbu uchrashuvda Kara-Murza ozod etilgan siyosiy mahbuslarga Rossiyadan Turkiyaga uchayotgan samolyotda hamrohlik qilgan fuqarolik kiyimidagi FXX xodimining iborasini eslagan: 

“Mana, qarang, bu sizning vataningizni oxirgi marta ko‘rib turibsiz”, degan xodim. 

“Men unga aytdim: men tarixchiman, men nafaqat ishonaman va o‘ylayman, barchamiz Rossiyaga albatta qaytamiz va Rossiyada hali erkin, normal bo‘ladigan kun keladi. Bu kun kelishiga mutlaqo shubha qilmayman”, degan muxolifatchi.

Vladimir Kara-Murza ishi

2023 yil aprelida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tanqid qilgan Vladimir Kara-Murza “vatanga xiyonat”, “nomaqbul tashkilot bilan hamkorlik qilish” va armiya haqidagi ishlari bo‘yicha 25 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Garchi himoya tomoni sog‘lig‘i sababli uni tergov izolyatorida ushlab turish mumkin emasligini ta’kidlasa ham, hukm chiqarilgunga qadar siyosatchi bir yilni hibsda o‘tkazgan.

Inson huquqlari tashkilotlari Vladimir Kara-Murzani siyosiy mahbus sifatida tan oldi. AQSH kongressmenlari Oq uyni rossiyalik siyosatchini “noqonuniy hibsga olinganlar” ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi.

2024 yilning may oyi boshida Vladimir Kara-Murza Pulitser mukofoti laureati bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 avgust kuni sovuq urush davridan beri Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida eng yirik mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida quyidagi rossiyaliklar o‘z vatanlariga qaytdi: 

  • 2019 yilda Berlindagi Tiyergarten bog‘ida chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan FXX xodimi Vadim Krasikov;
  • AQSHda kompyuterni buzish va firibgarlikda ayblanib 9 yilga qamalgan Vladislav Klyushin; 
  • Sloveniyada josuslikda ayblanib 1 yil 7 oyga qamalgan Artem va Anna Dulsevlar; 
  • Polshada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Pavel Rubsov; 
  • Norvegiyada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Mixail Mikushin; 
  • Qo‘shma Shtatlarda kiberfiribgarlikda ayblanib, 27 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Roman Seleznev;
  • AQSHda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun texnologiya va Amerika o‘q-dorilarini kontrabanda qilishda ayblangan Vadim Konoshenok.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada josuslikda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovich mahbuslar almashinuvi doirasida AQSHga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden Vladimir Kara-Murza muxolifatchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made