Bayden Qobuldagi teraktning yilligi munosabati bilan “terrorchilar ovi” davom etishiga va’da berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden 2021 yil 26 avgust kuni Qobul aeroportida yuz bergan va 13 amerikalik harbiyning hayotiga zomin bo‘lgan teraktning yilligi munosabati bilan butun dunyo bo‘ylab “terrorchilar ovini” davom ettirishga va’da berdi. Uning bayonoti matni kecha, 26 avgust kuni Oq uy matbuot xizmati tomonidan tarqatildi.

“Qobul aeroportidagi ushbu dahshatli hujumdan so‘ng biz amerikaliklarga tahdid qilayotgan ISHID va boshqa terrorchilarga qarshi shiddatli global kampaniyamizni ikki baravar kuch bilan boshladik. Fevral oyida biz Suriyadagi ISHID yetakchisini, o‘tgan oy esa Qobulda “Al-Qoida” yetakchisini yo‘q qildik”, deydi Amerika Prezidenti.

Baydenning aytishicha, Vashington hozir “Afg‘onistondagi minglab [AQSH] askarlariga xavf tug‘dirmagan holda terrorizmga qarshi kurashni davom ettirmoqda”.

“Mening ma’muriyatim esa qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlarga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan terrorchilarni ovlashda davom etadi”, deb va’da bergan Oq uy rahbari.

1 avgust kuni Bayden Qobulda “Al-Qoida” yetakchisi Ayman az-Zavohiriy o‘ldirilganini e’lon qildi. U va boshqa AQSH rasmiylari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchi 31 iyul kuni Amerika dronining zarbasi oqibatida yo‘q qilingan. 3 fevral kuni Bayden, shuningdek, AQSH harbiylari Suriya shimoli-g‘arbida aksilterror operatsiyasi o‘tkazgani, natijada ISHID yetakchisi Abu Ibrohim al-Hoshim al-Qurayshi o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi.

O‘tgan yilning bahorida AQSH o‘z harbiy kontingentini Afg‘onistondan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” radikal harakati mamlakat ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni radikallar Qobulga jangsiz kirdi, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani esa mamlakatni tark etdi. 26 avgust kuni Qobul aeroporti yaqinida terakt sodir bo‘ldi, natijada 200 dan ortiq odam, jumladan 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

63

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing